Xususan, shu yili ish boshlagan “Ekokerama” MCHJ ham ular erishayotgan katta muvaffaqiyatlardan biridir. Korxonada energiya tejovchi texnologiyalar asosida 15 turdagi santexnika buyumlari ishlab chiqarilmoqda.
Aslida u yiliga 500 ming dona 20 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bundan tashqari, quvvatini oshirib, mahsulotlarning 60 foizini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. 100 foiz mahalliy xomashyodan foydalanilishi hamda zamonaviy texnologiyalar qoʻllanilishi sababli “Ekokerama” mahsulotlari xorijiy muqobillariga nisbatan arzon boʻladi.
Davlatimiz rahbari joriy yil iyun oyi boshida mazkur korxona faoliyati bilan tanishish chogʻida, uni klasterga aylantirish, karyerlar ajratib berib, kamida 30 yillik xomashyo zaxirasi bilan taʼminlash zarurligini taʼkidlagan edi.
Korxonaning loyiha qiymati 15 million dollar. Jumladan, 11 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etilgan. Korxona toʻliq quvvatda ishlasa 500 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Bu haqda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan korxonada jurnalistlar ishtirokida oʻtkazilgan press-turda alohida qayd oʻtildi.
— Korxonamizda import oʻrnini bosuvchi santexnika jihozlari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan, — deydi taʼsischilardan biri Salohiddin Yunusov.
— Ularning barchasi mamlakatimizga asosan xorijdan olib kelinardi. Endilikda bunga barham berilmoqda va aksincha endi biz chetga oʻz santexnika mahsulotlarimizni eksport qilamiz.
Santexnika jihozlarini ishlab chiqarish murakkab va nozik jarayondir. Buning uchun oʻndan ortiq turdagi xom ashyolardan foydalaniladi. Loy 1 ming 200 haroratda pishirilib, toʻliq tayyor mahsulot holda tayyorlanadi.
— Bu yerda oʻzbeklarga xos “Ustoz-shogird” anʼanasi shakllanib ulgurgan. Har bir ustaga 2 ta shogird biriktirilgan. Shogirdlar ustozlardan mahsulot ishlab chiqarish, unga shakl va sayqal berish sir-sinoatlarini oʻrganadi. Keyinchalik ularning oʻzlari ham ustoz maqomiga erishib, davomchilarni tayyorlaydi, — dedi Salohiddin Yunusov jurnalistlar bilan oʻtkazilgan suhbatlar davomida.
— Yerosti boyliklaridan unumli foydalanish, zaxira xomashyolarini yaratish, klaster tizimida ishlash olimizda turgan eng muhim vazifadar sirasiga kiradi.
Press-tur davomida jurnalistlar respublikamizda yagona hisoblangan mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Shohsulton TOʻXTAMATOV,
jurnalist