Yurtimiz ravnaqi va kelajagimiz uchun ovoz berdim

    Dolzarb 28 Aprel 2023 860

    2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimizda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi yuzasidan oʻtkaziladigan referendumga sanoqli kunlar qoldi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yangi Konstitutsiyaning 50-52 moddalarida har kimga taʼlim olish huquqi kafolatlanib, taʼlimning har xil turlari va shakllaridan foydalanish, oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish haqida mustahkamlangan. Shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlari akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi toʻgʻrisida yangi norma kiritilgan.

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bir qator nufuzli xorijiy taʼlim muassasalari bilan, jumladan, Yaponiyaning Sukuba universiteti bilan ikki tomonlama aloqalar oʻrnatgan. Hozirda Sukuba universitetida akademik almashuv doirasida JIDUning talabalari tahsil olmoqda.

    Yurtimiz uchun muhim siyosiy voqeada ishtirok etish maqsadida men ham Oʻzbekistonning Tokio shahridagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan saylov uchastkasida oʻzimni konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanib, muddatdan oldin ovoz berdim.

    Vatanimiz yoshlari kabi biz xorijda tahsil olayotgan yoshlar yurtimiz kelajagi va farovonligi uchun ovoz beryapmiz. Mamlakatimizning har bir fuqarosi hayotiga daxldor boʻlgan bunday siyosiy jarayonda faol ishtirok etish nafaqat huquqimiz, balki burchimizdir.

    Saodatbonu Tillaboyeva,

    Jahon iqtisodiyoti universitetining Sukuba universitetida akademik almashuvi boʻyicha talabasi.