Joriy oʻquv yilida 702 000 nafar bolajonlar umumtaʼlim maktablarining 1-sinfiga qabul qilindi. Ularga 12 turdagi oʻquv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovgʻalari topshirildi.

Aytish lozimki, maktablarda tahsil olayotgan 6 469 737 nafar oʻquvchi ishtirokida tashkil etilayotgan “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlarida mahalliy hokimliklar hamda keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, oʻquvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Mazkur “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlari “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida tashkil etilib, unda xalqimiz ardogʻidagi insonlar, maktablarning koʻzga koʻringan bitiruvchilari hamda davlat idoralari rahbarlari qatnashdi.

Shuningdek, ayni vaqtda respublikamizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida 2022-2023 oʻquv yilining birinchi dars soati — “Mustaqil darslari” boshlandi. Ushbu darslarda istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, yoshlarimiz tomonidan qoʻlga kiritilgan katta gʻalabalar hamda milliy tariximizning yorqin lavhalari haqida oʻquvchilarga soʻzlab beriladi.