Yurtimizda bolalar orasida gripp va pnevmoniyaga qarshi rejadan tashqari vaksinatsiyalarni amalga oshirish yoʻllari koʻrib chiqilmoqda. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, Sogʻliqni saqlash vazirligi Onalik va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Barno Abdusamatova maʼlum qildi.
Vazirlik rasmiy vakilining maʼlum qilishicha, bolalarni vaksinatsiya qilish kuz-qish mavsumida virusli kasalliklarning oldini olish va kasalliklarning kirib kelish darajasini pasaytirishga qaratilgan.
“Bolalar orasida gripp va pnevmoniyaga qarshi rejadan tashqari vaksinatsiyalarni amalga oshirish yoʻllarini Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻrib chiqmoqda. Bu ishlar kuz oylarida bajarish rejalashtirilgan”, – dedi mutaxassis.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, oʻz vaqtida vaksinalashni oʻtkazmagan ota-onalar bolalarning kasalliklar oldida zaif boʻlishiga sababchi boʻlishi mumkin. Milliy emlash kalendariga 13 ta kasallikka qarshi ishlab chiqilgan 10 ta vaksina kiritilgan. Oʻzbekistonda bu muhim tibbiy vosita ishlab chiqarilmaydi. Barchasi import qilinadi.