Bu — sogʻliqni saqlash sohasidagi birinchi xalqaro davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻlib, uning muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarilishi tizimga xorijiy investorlar va texnologiyalarni jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) maslahat koʻmagida amalga oshirilayotgan makzur loyiha doirasida mamlakatimizda ilk bor Nukus shahrida davlat-xususiy sheriklik asosidagi dializ markazi foydalanishga topshirildi.
2021-yil yanvar oyida yuqori sifatli dializ xizmatlarini koʻrsatish yoʻnalishidagi xalqaro tenderda Osiyodagi eng yirik va jadal rivojlanayotgan “Nephroplus” kompaniyasi gʻolib deb topilgan edi.
Maʼlumot uchun, “Nephroplus” Osiyo mintaqasida 240 dan ortiq klinikaga ega va Hindiston, Indoneziya, Filippin, Nepal hamda Vyetnamda 17 ming nafardan ortiq bemorlarga xizmat koʻrsatadi.
Kompaniya Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi toʻrtta dializ klinikasini moliyalashtirish, qurish, jihozlash, xodimlarni oʻqitish va boshqarish hamda yiliga 1000 nafardan ortiq bemorlar uchun 140 000 dan ortiq seanslarda dializ xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha vazifalarni zimmasiga oldi.
Davlat-xususiy sheriklik shartnomasiga muvofiq, kompaniya bu markazlarda dializ xizmatlarini tashkil etish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplab beradi.
Jumladan:
xalqaro talablarga muvofiq yangi dializ markazlarini qurish;
eng soʻnggi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, barcha zarur sarflov materiallari bilan taʼminlash va tibbiyot xodimlarini ishga olish hamda oʻqitish;
10 yil davomida bemorlarga xalqaro standartlarga muvofiq dializ xizmatlarini koʻrsatish;
dializ uchun qon tomirlariga kirishni yaratish uchun jarrohlik operatsiyasini bajarish orqali bemorlarni dializga tayyorlash;
uy sharoitida dializni amalga oshirish imkonini beruvchi yangi peritoneal dializ texnologiyasini joriy etish.
Taʼkidlash joizki, yangi peritoneal dializ texnologiyasi hali Oʻzbekistonda mavjud emas. U bolalar va yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan ayrim bemorlarga koʻrsatiladi hamda chekka hududlarda yashovchi bemorlarning pul va vaqtini tejashga yordam beradi.
Xuddi shunday dializ markazlari Bogʻot va Urganch shaharlarida 2022-yilning may oyida ish boshlashi kutilmoqda.
Toshkent shahrida shu yoʻnalishdagi eng yirik klinika esa 2022-yil oxirigacha ochilishi rejalashtirilgan.
Loyiha hududlarda yangi dializ boʻlimlarini tashkil etish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish, buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrigan bemorlar oʻlimini kamaytirish va hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.