Qayd etilganidek, mazkur Qonun muvofiqlikni baholash idoralari faoliyatini xalqaro meʼyorlar asosida baholash uchun akkreditatsiya tizimini xalqaro talablarga moslashtirishda yuqori samara beradi.
Xususan, Qonun mamlakatimizning milliy akkreditatsiya tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, akkreditatsiya organlarining Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) faoliyatida toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etishiga xizmat qiladi.
Qonun bilan akkreditatsiyaning maqsadlari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va uni davlat tomonidan tartibga solish, Milliy akkreditatsiya tizimi va akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi belgilab berilyapti.
Akkreditatsiyaning asosiy vazifalari manfaatdor taraflarning akkreditatsiyadan oʻtgan subyektlar faoliyatiga boʻlgan ishonchini taʼminlash, muvofiqlikni baholash sohasida yagona texnika siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, akkreditatsiya qilingan subyektlarning faoliyati natijalari xalqaro darajada tan olinishi va qabul qilinishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Bundan tashqari, Qonunga muvofiq Milliy akkreditatsiya tizimi yaratilib, akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi, uning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash va tugatish tartibi hamda akkreditatsiyaning amal qilishi tugagan taqdirda, uning amal qilishi qayta tiklanmasligi va bunda takroriy akkreditatsiyadan oʻtish uchun akkreditatsiya qilingan subyekt akkreditatsiyaning muddati tugaguniga qadar ariza bergan boʻlsagina uning avvalgi faoliyati natijalari hisobga olingan holda amalga oshirilishi mustahkamlab qoʻyilyapti.
Shu bilan birga, Qonun bilan tadbirkorlik faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi va respublikamizda milliy sifat infratuzilmasi yaxshilanishiga hamda “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksport bozorlariga ortiqcha toʻsiqlarsiz kirib borishiga imkoniyat yaratiladi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi mahalliy ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilishini taʼminlashga va eksport hajmlarini koʻpaytirishga zamin yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.