Yurtimizda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi yangilandi

    Fikr 30 Iyul 2020 3344

    Ayni paytga kelib yurtimizda pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasi tubdan oʻzgartirilib, bu boradagi ishlar yangi bosqichga koʻtarildi.

    Hozirgi sharoitga mos va xos, eng kuchli, eng taʼsirchan vositalar ishga solinmoqda. Bu uslub, avvalo, qanday koʻrinishda namoyon boʻlmoqda?!

    Mamlakatimizda soʻnggi uch-toʻrt oy mobaynidagi keskin vaziyat, pandemiya tufayli yuzaga kelayotgan oʻzgaruvchan muhit har birimizdan hushyorlik va ogohlikni talab etmoqda. Biroq, ming afsuski, hali ham bu talab va qoidalarning inson salomatligi hamda jamiyat hayotiga yetkazishi mumkin boʻlgan oʻta jiddiy xavf ekanini anglab yetolmayotgan fuqarolar koʻpchilikni tashkil etadi. Vaholanki, koronavirusning oldini olish va jilovlash bilan bogʻliq qator farmon hamda qarorlar qabul qilindi. Ularga muvofiq, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari imkon darajasida qoʻllab-quvvatlanmoqda.

    Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi asosiy qurolimiz boʻlib turibdi. Tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilan biz bu ofatga qarshi kurashmoqdamiz.

    Koʻrinmas dushman bilan chin maʼnoda urush olib borish uchun barchamizda, avvalo, oʻz oilamizga nisbatan — masʼuliyat, farzandlarimiz kelajagiga ishonch hissi yuqori boʻlmogʻi kerak.

    Mamlakatimizga bu virus kirib kelgan kundan boshlab maxsus choralar koʻrib kelinmoqda. Xususan, Respublika maxsus komissiyasi tuzilib, tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin zonalari qurildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi.

    Virus bilan kasallanganlarni davolash uchun tashkil etilgan maxsus shifoxona va karantin zonalarida ishlayotgan shifokor hamda hamshiralardan tashqari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Coronavirus yordam” telegram botida Toshkent tibbiyot akademiyasining malakali professor-oʻqituvchilari faoliyat yuritmoqda. Mazkur telegram bot Toshkent tibbiyot akademiya­sida tashkil etilgan boʻlib, ushbu jarayonga oliy taʼlim muassasasining 68 nafar professor-oʻqituvchisi operator sifatida jalb etilgan. Aholi oʻzini qiziqtirgan savollarga onlayn javob olishi uchun 24 soatlik uzluksiz ish rejimi joriy qilingan. Maxsus telegram bot orqali kuniga 2000–3000 nafar fuqaroning murojaatlariga javob berilmoqda.

    Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasining 100 nafar koʻngilli talabasidan iborat “Salomatlik posbonlari” targʻibot guruhi tashkil etildi. Bu guruh bir oy mobaynida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida targʻibot ishlarini olib bordi. Natijada 17 ming 757 ta yakka tartibdagi uy-joy, 29 ta mehmonxona, 9 ta sanatoriy, 31 ta bolalar oromgohi, vazirlik va idoralarning 59 ta oromgohi, 2 ta sport-sogʻlomlashtirish maskani, 1 ta togʻ kurorti, 402 ta oilaviy mehmon uyi hamda 3 ming 701 ta dala hovlida karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazorat ishlari olib borildi.

    Shu yil 15-iyul kuni mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tufayli vujudga kelgan epidemiologik vaziyat yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz bemorlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni davolash sifatini yaxshilash, ayniqsa, ogʻir bemorlar bilan maxsus shugʻullanishga katta eʼtibor qaratish, aholidan tushayotgan murojaatlarga oʻz vaqtida malakali javob berish hamda bemorlar uchun yangi davolash oʻrinlarini koʻpaytirish topshirigʻini berdi. Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyatidagi tuman va shaharlar Toshkent tibbiyot akademiyasining kafedralariga biriktirildi hamda xodimlar 17-iyuldan joylarga safarbar etildi. Kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilar biriktirilgan hududlarga borib, tuman tibbiyot birlashmalari boshliqlari bilan birgalikda ishchi guruh aʼzosi sifatida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasi, shuningdek, ajratilgan binolarni COVID-19da gumon qilingan va xastalikning yengil shakli bilan kasallangan bemorlarni davolovchi provizor shifoxonasiga aylantirish, tashkillashtirilgan Call-markazlar faoliyatini hamda uyda davolanayotgan bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish va amaliy yordam berish borasida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.

    Hozirgi kunda Toshkent viloyatidagi tuman va shaharlar tibbiyot birlashmalari Call-markazlarida Toshkent tibbiyot akademiyasining biriktirilgan kafedralari professor-oʻqituvchilari aholidan tushayotgan murojaatlarga javob berish bilan bir qatorda mutaxassis sifatida maslahatlarini ham ayamayapti.

    Laziz TOʻYCHIYEV,

    Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori,

    “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi