“Tashkent city”dagi “Congress Hall” majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining oʻn birinchi syezdi davom etmoqda.

 OʻzLiDePdan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev oʻz saylovoldi dasturi yuzasidan maʼruza qilmoqda.

– Bundan olti-yetti yil oldin, afsuski, oʻn minglab bemorlar gemodializ, onko-gematologiya yordamidan foydalanish uchun kunlab, oylab navbat kutganlari, qanchasi bu xizmatlarga yetib bora olmagani achchiq haqiqat. Yoki eshitish qobiliyati zaif, yurak nuqsoni va irsiy kasalligi bor minglab bolalarga oʻz vaqtida maxsus tibbiy yordam koʻrsatilmagani ham hech kimga sir emas. Biz tibbiyot sohasida katta islohotlarni boshladik. Buning natijasida vaziyat tubdan oʻzgardi. Endi bunday bemorlar uchun zamonaviy shifoxonalar ham, malakali mutaxassislar va davolash uchun mablagʻimiz ham yetarli, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Lekin, aholimizni tibbiyot tizimidan rozi qilish uchun, hali juda koʻp ishlarni amalga oshirish kerakligi aytildi. Yurtimizda oʻrtacha umr davomiyligini hozirgi 73 yoshdan kelgusida 78 yoshga yetkazish boʻyicha barcha imkoniyatlarni ishga solinishi taʼkidlandi.

Buning uchun, 2030-yilga qadar onalar va bolalar oʻlimi, bolalar oʻrtasida irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, shuningdek, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yoʻllari va yuqumli kasalliklar boʻyicha erta oʻlimni esa, 2,5 barobar kamaytirish asosiy vazifa boʻlishi aytildi.