Yurtimizda Oʻzbekiston – Ozarbayjon sogʻliqni saqlash dekadasi boshlandi

    Salomatlik 3 Oktabr 2023 1301

    Xabar berganimizdek, shu yil 2-oktyabrdan mamlakatimizda Oʻzbekiston – Ozarbayjon sogʻliqni saqlash dekadasi boshlandi. Xoʻsh, bu aksiyadan qanday maqsadlar koʻzlangan?

    Qardosh xalqlarimizni mushtarak maqsadlar yoʻlida birlashtirayotgan sohalardan biri — tibbiyot! Sogʻliqni saqlash tizimiga innovatsion yutuqlarni keng joriy etish — bu yoʻnalishdagi eng ustuvor maqsad. Oʻn kun davom etadigan Oʻzbekiston – Ozarbayjon sogʻliqni saqlash dekadasi ayni shu vazifa ijrosiga xizmat qiladi.

    Ushbu tadbirlar doirasida Ozarbayjondan tashrif buyurgan tibbiyotning yettita yoʻnalishi boʻyicha oʻnlab yetakchi tibbiyot mutaxassislari, soha olimlari ishtirokida yurtimizdagi qator davolash muassasalarida kattalar va bolalarda 100 dan ortiq yuqori texnologik, kam invaziv operatsiyalar bepul oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Binobarin, oʻzaro hamkorlikda:

    - qoʻshma amaliyotlar,

    - mahorat darslari,

    - kam invaziv xirurgiya va transplantologiya,

    - oftalmologiya,

    - onkologiya,

    - ginekologiya,

    - travmatologiya kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha maslahatlashuvlar boʻlib oʻtyapti.

    Buning uchun mamlakatimizdagi quyidagi 6 ta yirik tibbiyot muassasasi va ularning hududiy filiallari tanlangan:

    Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi,

    Bolalar milliy tibbiyot markazi,

    Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi,

    Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi,

    Respublika perinatal markazi,

    Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.

    Shuningdek, dekada davomida ozarbayjonlik mehmonlar Oʻzbekiston tibbiyotidagi transformatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishib, oʻzbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega boʻlyapti.

    Yakunda ikki davlat sogʻliqni saqlash vazirlari, tizim masʼullari va yetakchi tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida poytaxtimizda Oʻzbekiston — Ozarbayjon tibbiyot forumi oʻtkaziladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Unda sohani raqamlashtirish, farmatsevtika, xalq tabobati, tibbiy taʼlim va ilm-fan sohalarida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etilib, ikki tomonlama memorandum va shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.

    Binobarin, dekada doirasida oʻzbekistonlik jami 100 nafar mutaxassis, yaʼni 50 nafar shifokor hamda 50 nafar oʻrta tibbiyot xodimini Ozarbayjonga malaka oshirish va qayta tayyorlash uchun yuborish masalasi yuzasidan kelishuvga erishilishi kutilyapti.