Yurtimizda salqin kunlar boshlanmoqda

    Shanba va yakshanba kunlari havo massasining kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi va kuzgi salqin sifatida oʻzini namoyon etadi.

    Gidrometeorologiya xizmati markazi joriy yilning 9–12-sentyabr kunlari uchun ob-havo maʼlumotini taqdim etdi.

    Unga koʻra, bugun kunduzi Oʻzbekiston hududining katta qismida 32-35° atrofida boʻlgan harorat bilan quruq va biroz issiq ob-havo saqlanib turadi. Faqat respublikaning gʻarbiy hududlari boʻyicha Volga boʻyi hududlaridan salqin va biroz nam havo massalari kirib kelishi davom etadi.

    Shanba va yakshanba kunlari havo massasining kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi va kuzgi salqin sifatida oʻzini namoyon etadi.

    11-sentyabrda osmonda kuzgi bulutlar paydo boʻladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida biroz yomgʻir yogʻish ehtimoli bor. 11-12-sentyabr kunlari Fargʻona vodiysi viloyatlari boʻyicha baʼzi joylarda va respublikaning togʻli hududlarida yomgʻir yogʻadi.

    Front kirib kelishida 10-11-sentyabr kunlari shamol 15-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar kuzatiladi, shanba kuni Surxondaryo viloyatida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida shamolning kuchayishi baʼzi joylarda 20-23 m/s ga yetishi mumkin.

    Respublika hududining katta qismida havo harorati pasayadi va yakshanba kuniga kelib kunduz kungi harorat 23-28° gacha pasayadi. Dushanba kuniga kelib tungi harorat oʻzining minimumiga yetadi, bunda termometr koʻrsatkichi 10-13° gacha tushadi.