Taʼkidlanishicha, Moʻgʻulistonning “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatga kompaniya bosh direktori Baatarsayxan Sagaach va sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Farhod Toshpoʻlatov imzo chekdi.
Memorandumdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonda Yaponiyaning “Fujifilm Group” kompaniyasining sunʼiy intellektga asoslangan “NURA” tibbiy profilaktika skrining markazini ochish va bu orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashdir.
Hujjatga asosan “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi Oʻzbekistonda dastlabki bosqichda 10 million AQSH dollari miqdoridagi oʻz sarmoyasi hisobiga “NURA” tibbiy profilaktika skrining markazini tashkil etadi va ishga tushiradi. Bunda 160 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi esa, oʻz navbatida, “NURA” tibbiy profilaktika skrining markaziga Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, belgilangan tartibda yurtimizda tibbiy xizmat koʻrsatish hamda mamlakatimiz hududida faoliyat yuritish uchun olib kiriladigan tibbiy texnikani roʻyxatdan oʻtkazish uchun litsenziya olishda koʻmaklashadi.
Maʼlumot uchun: “Fujifilm Corporation” korporatsiyasi Yaponiyadagi bosh kompaniya boʻlib, oʻz faoliyatini Moʻgʻulistonda “NURA” brendi ostida sunʼiy intellektga hamda saraton va turmush tarzi bilan bogʻliq kasalliklarning profilaktik tibbiy skriningiga ixtisoslashgan tibbiy skrining markazlari orqali olib boradi.