Xususan, 2022-yilning may oyiga qadar vodorod energetikasi texnologiyalari sohasida umumiy qiymati 10 milliard soʻmlik ilmiy-tadqiqotlarni tashkil etish va yangi ilmiy ishlanmalar asosida vodorod energiyasini olish, saqlash va tashish texnologiyasini yaratish dasturi tasdiqlanadi.
Unga koʻra:
- 2023-2024-yillarda vodorod energetikasi materiallari va texnologiyalari boʻyicha ilmiy loyihalarni amalga oshirish orqali yangi texnologiyalar (vodorodni saqlash uchun adsorberlar, metalgidrid tashuvchilar, vodorod olish uchun nanokatalizator va quyosh energiyasi asosidagi elektroliz) yaratiladi;
- 2022-2024-yillarda vodorod energetikasi sohasida yetakchi xorijiy ilmiy markaz va universitetlarga 20 nafar yosh olim va mutaxassislarning ilmiy stajirovkalari tashkil etiladi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-son qaroriga muvofiq Energetika vazirligi huzurida tashkil etilgan Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etilgan.
Hozirda ushbu Institutda qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish borasida ilmiy izlanishlar olib boryapti, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.