Yurak yetishmovchiligini davolash va operatsiyasiga ixtisoslashgan Syurix klinikasining (Shveysariya) bir guruh shifokorlari 30-may — 9-iyun kunlari Oʻzbekistonda boʻladi.
Amaliy safar Oʻzbekistonning Frankfurtdagi Bosh konsulxonasi tomonidan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Shveysariyaning “EurAsia Heart” tibbiyot jamgʻarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Shveysariya shifokorlari Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi va Qarshi shahridagi viloyat kardiologiya shifoxonasida tibbiy koʻriklar, tugʻma yurak nuqsonlari, aortokoronar va minimalinvaziv jarrohligi bilan ogʻrigan bemorlarning amaliyotlari, shuningdek, intervension kardiologiyaning zamonaviy usullaridan foydalanish boʻyicha treninglar va “mahorat darslari”ni oʻtkazadi.
Shveysariyalik jarrohlarning Jizzax kardiologiya markazining ochilish marosimida onlayn shaklda ishtirok etishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.