Yurtimizga noyob elektron mikroskop olib kelindi

    Salomatlik 22 Aprel 2021 3057

    Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi tegishli farmoyishiga asosan, yurtimizda koronavirus hamda boshqa kasalliklarga qarshi samarali kurash, aniq tashxis va ular ustida yuqori texnologik ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika patologik anatomiya markaziga Yaponiyaning nufuzli “JEOL” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskop olib kelindi.

    Respublika patologik anatomiya markazi mamlakatimizdagi patologoanatomik xizmatning bosh muassasasi boʻlib, barcha viloyatlar va yirik shaharlardagi davolash-profilaktika muassasalarida davolanayotgan kasalliklarni biopsiya usulida morfologik jihatdan aniqlash va kasallikdan vafot etganlar murdasini autopsiya usulida tekshirib, bevosita oʻlim sababini aniqlash, klinik diagnozni tahlil qilish, har qanday xatolikni aniqlash kabi tashxislash tadbirlarni amalga oshiradi.

    Vrach-patologoanatomlarning asosiy ish quroli yorugʻlik mikroskop va elektron mikroskop hisoblanadi. Yaponiyada ishlab chiqarilgan “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskop Innovatsion rivojlantirish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirildi.

    Ushbu transmission elektron mikroskop 1 nanometrli tuzilmani million marta kattalashtirib, 1 millimetr darajada koʻrsatadi. Masalan: 100 nanometrli koronavirusni million marta kattalashtirib, 10 sm qilib koʻrsatadi.

    Hozirda “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskopdan toʻliq foydalanish va ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish yoʻlga qoʻyildi.

    15-apreldan boshlab yurtimizdagi barcha tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-amaliy markazlar bilan shartnomalar tuzilib, tadqiqotlar boshlab yuborildi. 1-maydan boshlab tekshirishga qabul qilingan biologik materialga maxsus tartibda ishlov berish, elektron mikroskopda koʻrib oʻrganish, elektronnogrammalar olish, ularni ilmiy jihatdan tavsiflab, egasiga qaytarish yoʻlga qoʻyiladi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi