2019-yilda Prezidentimiz farmoni bilan Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi tasdiqlangan edi. Unda qator ustuvor yoʻnalishlarga eʼtibor qaratilib, vazifalar qoʻyilgan. Qishloq xoʻjaligida ilm-fan, taʼlim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish alohida vazifa sifatida belgilangan. Demak, 10 yil sohada eng muhim va dolzarb ishlar amalga oshiriladigan davr sifatida ahamiyatli boʻladi.
Men mamlakatdagi bu islohotlarga oʻzimni daxldor bilaman. Ayni paytda Germaniyada qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida tahsilni davom ettiryapman. Toshkent davlat agrar universitetida olgan bilimlarimni mustahkamlayapman. Maqsadim — ilgʻor mamlakatlar tajribasini yurtimizga olib borish va sohani rivojlantirish.
Davlatimiz rahbari yoshlar masalasi, ilm-fanga ragʻbat haqida koʻp gapiradi. Deyarli har nutqida mamlakat kelajagi bilimli yoshlarga bogʻliq ekanini taʼkidlaydi. Joriy yil 14-iyul kuni Shavkat Mirziyoyevning oʻz lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqi bilan biz ham tanishdik. Unda belgilangan vazifalar, Prezident va xalq oldiga qoʻyilgan maqsadlar meni ruhlantirdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida har birimizning kundalik qoidamizga aylanishi shart boʻlgan bir shiorni aytdi: “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori”.
Bundan tashqari, qonun va odamlarni mensimaydigan, ularga qoʻpol munosabatda boʻladigan rahbarlar oʻrniga Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlarni tayinlashini taʼkidladi. Bu biz – yoshlarga berilgan katta baho. Demakki, davlatimiz rahbari yoshlarning salohiyatiga, zakosiga ishonmoqda.
Meni taʼsirlantirgan yana bir jihat Prezidentimizning yoshlarga qarata “Dunyoga oʻz soʻzingizni ayting!” deya izlanish va intilishdan toʻxtamaslikka chaqirgani, ruhlantirgani boʻldi. Bu, ayniqsa, ilm-fan ortidan katta maqsadlar bilan xorijga yoʻl olgan yoshlarni sergak torttirdi. Qiyinchiliklarni yengishga, yana va yana bilim olishga, kashfiyotlar qilishga, dunyoga Oʻzbekiston nomini koʻrsatishga undadi.
Oʻz navbatida, mening maqsadim ham yanada qatʼiylashdi. Sohada bilim olib, yaxshi tajriba toʻplab, Oʻzbekistonga yangi gʻoya va tashabbuslar bilan borishni maqsad qilib qoʻydim.
Bunyod MANNOBOV,
Vaynshtefan-Trisdorf universiteti
xalqaro agromenejment yoʻnalishi magistranti
(Germaniya).