Yurtimizning turizm salohiyati “World Travel Market” xalqaro sayyohlik koʻrgazmasida targʻib etildi

    Turizm 9 Noyabr 2022 1380

    Joriy yil 7-noyabrda Londonda “World Travel Market” yirik xalqaro sayyohlik koʻrgazmasi (WTM) boshlandi. Koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi va yurtimizning bir qator sayyohlik kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya ham qatnashyapti.

    Xalqaro koʻrgazmada mehmonlar va ishtirokchilar mamlakatimizning Yevropa va uzoq xorijdan sayyohlarni oʻziga jalb eta oladigan yangi sayyohlik yoʻnalishlari va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Qolaversa, Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari va “CNN”, “Euronews”, “BBC” vakillari oʻrtasida mamlakatimizni 2023-yilgacha targʻib etish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi. Shuningdek, Yevropa bozorida Oʻzbekistonning yangi turistik obyektlari, sayyohlik markazlari, alohida shaharlarini targʻib qilish boʻyicha yirik marketing va PR-kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston sayyohlik kompaniyalari va xorijiy ishtirokchilar oʻrtasida turistik guruhlarning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish masalalari ham muhokama etildi. Shu bilan birga, xorijlik jurnalistlarga 2023-yilda Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi Oʻzbekistonda, Samarqandda boʻlib oʻtishi maʼlum qilindi.

    Maʼlumot uchun, “World Travel Market” yirik xalqaro sayyohlik koʻrgazmasi turizm sohasidagi eng yirik va mashhur xalqaro koʻrgazmalardan biri boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi xizmatlarning qariyb barcha turlarini taqdim etadi. Koʻlami jihatdan Yevropadagi ikkinchi yirik sayyohlik koʻrgazmasi (Berlin koʻrgazmasidan keyin) boʻlgan WTM 1980-yildan beri har yili Londonda oʻtkaziladi. 2009-yildan buyon Oʻzbekiston ushbu tadbirda muntazam ishtirok etib kelyapti, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Xalqaro koʻrgazma davom etadi.