Respublikamizning togʻli hududlarida ham qor yogʻganligi munosabati bilan koʻplab fuqarolar ayni dam olish kunlarida Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi togʻli hududlarida joylashgan dam olish maskanlariga uzluksiz ravishda tashrif buyurishmoqda.
Tumandagi avtomobil yoʻllarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini inobatga olib, turli koʻngilsizliklarning oldini olish maqsadida “4R-12” “Bektemir-Chorbogʻ” avtomobil yoʻlining 61-kilometridan “4R-6” “Toshkent-Chirchiq-Chimyon” avtomobil yoʻlining 57-kilometriga oʻtish qismidan, yaʼni, Boʻstonliq tumanining Gʻazalkent shahridan chiqish joyidan to “4R-6” avtomobil yoʻlining 87-kilometriga, yaʼni, Boʻstonliq tumani “Yusufxona” aholi yashash joyiga qadar avtomobillarning harakatlanishi vaqtincha bir tomonlama tashkil etildi.
“Ushbu holatda barcha haydovchilardan vaziyatni toʻgʻri tushunib, oʻrnatilgan yoʻl belgilariga rioya qilishlarini, xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlarining ishora va koʻrsatmalariga amal qilib harakatlanishlarini soʻrab qolamiz” deyiladi xabarda.