Yuz bilan yuzlashgan “Jadid”

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklif va tashabbusi bilan “Tilda, fikrda, ishda birlik!” gʻoyasini oʻziga shior qilib maydonga kirgan adabiy, ilmiy-maʼrifiy va ijtimoiy haftalik gazetamiz – “Jadid”ning kechagina yuzinchi soni nashrda chiqdi.

    Gazeta tahririyati sal kam ikki yildan buyon shiddat bilan ishlamoqda. Gazeta sahifalarida ziyolilar, ijod ahli, taniqli olimlar, sanʼatkorlardan tortib oddiy muxlislargacha qatnashib, respublika hayotining barcha jabhalari qamrab olinmoqda.

    Bugun “Jadid” eʼtibor qozondi, oʻzining chinakam oʻquvchilarini topdi. Yuzlab tashkilotlarga, minglab xonadonlarga kirib bordi. Buning oʻz sabablari bor, albatta. Zotan, “jadid” soʻzi lugʻat eʼtiboridan “yangi” maʼnosini anglatar ekan, gazetada bosilgan har bir manba oʻzining yangiligi bilan diqqatni tortadi. Xususan, bir muddat nazardan chetda qolgan istiqlol fidoyilari, millatparvar jadidlar hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan juda koʻplab yangi maqolalar aynan “Jadid”da nashr boʻldi.

    2024-yil birinchi yanvar kuni bosilgan ilk sonda mening ham maqolam chiqqan edi. Yuzinchi sonini varaqladim – “Choʻlpon va “Guliston” maqolamni koʻrib quvondim. Ikki yildan buyon “Jadid”chilar yonidaman, qoʻlimdan kelgunicha, aqlim yetgunicha yordamchiman...

    Aytmoqchi, yuzinchi sonning birinchi sahifasida berilgan “Ogohlik qoʻngʻirogʻi” nomli sarlavhaga koʻzim tushdi. Bamaʼni, yaxshi sarlavha. Toʻxtadim. Oʻyladim. Darvoqe, “Jadid” shuncha soni davomida aynan ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlib jarangladi. Bu ovoz mohiyatida har bir insonning oʻz qalbiga nazar qaratishdan tortib, tashqi dunyoning turli mintaqalarida boʻlayotgan hodisalarni teran anglatishdek, olis moziyning shonli sahifalarini bildirishdan to kechagi kun alam va sururlaridan xabar berishdek sayha-hayqiriq bor.

    Ogohliq qoʻngʻirogʻini oʻz vaqtida jadidlar ham chalishga harakat qilishdi; “Taraqqiy” va “Oyina”da, “Haqiqat” va “Sado”larda bong urishdi ular. Ezgulik va saodat yoʻlida birilashmoqqa, uygʻonmoqqa, taraqqiy etmoqqa, olam ahli bilan hamnafas boʻlmoqqa, eng muhimi, ulugʻlarimiz madfun muqaddas Vatan tuprogʻini koʻz qorachigʻidek asrashga chorlashdi ular.

    “Jadid” gazetasi har jihatdan Istiqloldek babaho neʼmatni oʻz jon va tanalarida yashatib-yashnatib koʻrishga musharraf boʻla olmagan jadidlar ruhini shod qildi. Ularning el obodligi, yurt farovonligi, Vatan taraqqiyoti yoʻlidagi jonfido xizmatlariga xolis, odil va haqqoniy baholarni bergan maqolalarni chop etdi. “Xotira aziz” ruknida qatagʻon qurbonlarini yodga oldi va bu roʻyxat hali hamon davom etmoqda.

    Ikki yil davomida “Jadid”ning geografik qamrovi kengaydi. Qoʻshni va qardosh respublikalardagi nufuzli olimlar, Turkiya, Ozarbayjon, Germaniya, AQSH, Yaponiyada istiqomat qiladigan jadidshunoslar oʻz nuqtayi nazarlari, jiddiy maqola va suhbatlari bilan gazetada qatnashdilar. Gazeta sahifalarida jadidlarning avlodlari, nabira-abiralar bobolariga koʻrsatilayotgan ehtirom uchun chin dildan samimiy eʼtiroflarini bayon qilishdi.

    Shu qisqa fursatda “Jadid” gazetasi mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy, adabiy-ilmiy hayotining chinakam koʻzgusiga, takliflar, tashabbuslar, zarur boʻlganida tanqidiy mulohazalar minbariga aylandi.

    Inson boshidan oʻtgan har bir kun tarixga aylanadi. Yaqin va olis tarix voqea-hodisalarini bizga vaqtli matbuot eslatadi. “Jadid”ning “Tabdil” ruknida berilgan, bundan bir asr muqaddam chop qilingan gazeta va jurnallar sahifalaridan olingan manbalar oʻquvchini oʻsha davr ob-havosi bilan oshno etadi. Shu manbalar orqali maʼrifat, islohot, ozodlik, hurlik, millatni uygʻotishdek muhtasham dastur bilan maydonga chiqqan maʼnaviyat zahmatkashlari – jadid allomalarining orzu-niyatlari, koʻngil dardlari, ish faoliyati bilan yaqindan tanishmoq mumkin.

    Alohida taʼkidlashni istardimki, gazetaning har bir sonida berilgan manbalarning shakl va mazmuni, sahifalar uchun tanlangan rukn va bezaklar, bosh muharrir, masʼul kotib, boʻlim muharrirlari, musahhihlar, bezakchilar xizmati, nazarimda, vaqti kelib, kelajakda jurnalistika sohasi mutaxassislari uchun maxsus ilmiy-tadqiqot obyekti boʻla oladi. Bugunning oʻzidayoq yuzta soni dunyo yuzini koʻrgan gazetaning mamlakatimiz maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini, tezkorligi va hozirjavobligini yuksak baholamoq lozim.

    “Jadid” xalqimizning bunyodkorliklari, shukuhli bayram onlarini, quvonchli kunlarini olqishladi, ayni damda, ijtimoiy-maishiy turmushdagi muammolarga ham aslo befarq qaragani yoʻq. Xususan, oʻz vaqtida jadidlar kun tartibiga qoʻygan toʻy yoki aza marosimlari, urf-odat va anʼanalar qadri, ilgʻor maorifchilar, yangi zamon tashabbuskorlari va yoshlar tarbiyasi kabi qator masalalar gazetaning doimiy dolzarb mavzulari sanaladi.

    Darvoqe, “Jadid”chilar tashabbusi bilan mamlakat miqyosida keng quloch yoygan birgina “Jadid bobomga maktub” tanlovi oʻquvchi-yoshlar qoʻliga qalam tutqazgani, ilhom bergani, gazeta joylashgan manzilga yuz minglab maktublarning oqib kelgani va ularga tahririyat xodimlari vaqt topib munosib javoblar yozganining oʻziyoq tahsinga munosibdir.

    Azizlar, toʻgʻrisi, “Jadid”ning tugal sharhi uchun bel bogʻlaganim yoʻq. Bu hozirda men uchun imkonsiz hamdir. Aslida, oʻnlab maqolalari nashr boʻlgan bir qalam egasi sifatida men gazeta bosh muharriri va tahririyatning barcha xodimlarini, jumladan, ming-minglab “Jadid”xonlarni shu muhtasham yuzta sonning dunyo yuzini koʻrishi bilan tabriklamoqchiman. Muborak boʻlsin! Vaqti kelib, “Jadid” ham yuz yoshga toʻlsin!

    Bahodir KARIM