Yuz yillik tarixga ega universitet delegatsiyasi Oʻzbekistonda

    Xalqaro hamkorlik 10 Aprel 2021 1151

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida Belarus davlat universiteti (BDU) delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvning maqsadi – BDU va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikni muhokama qilish.

    Maʼlumot uchun: 2021-yilning 30-oktyabr kuni BDU tashkil topganining 100-yilligi nishonlanadi. Bu yubileyni nishonlash YUNESKOning 2020-2021-yillar uchun moʻljallangan muhim sanalari roʻyxatidan oʻrin olgan.

    Suhbat avvalida vazir oʻrinbosari U.Begimqulov mehmonlarga Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi. U Oʻzbekiston Belarus Respublikasi bilan oliy taʼlim sohasida oʻzaro manfaatli aloqalarni, xususan, universitetlararo aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi.

    BDU rektori Andrey Korol suhbatdoshining ikki tomonlama hamkorlikning yorqin istiqbollari haqidagi fikrlari uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv ishtirokchilarini universitetning ilm-fan va taʼlim sohalaridagi salohiyati bilan tanishtirdi.

    Uning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda BDUda 4,5 mingdan ziyod chet ellik talabalar tahsil olib, mamlakatdagi himoya qilingan har beshinchi ilmiy dissertatsiya aynan BDU ulushiga toʻgʻri kelishligini aytdi.

    Shu bilan birga, suhbat chogʻida tomonlar BDU va Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari oʻrtasidagi hamkorlik borasida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladilar.

    Shu qatorda BDUning filialini Oʻzbekistonda ochish masalasi ham koʻtarildi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikning bir qator yangi yoʻnalishlarini belgilab oldilar.