Koʻhna tarix uchun bir asr katta muddat emas. Lekin xolisona aytadigan boʻlsak, shu davr oraligʻida jonajon maktabimiz ming-minglab insonlarning hayotida bir umrga oʻchmas iz qoldirgan. Zero, har bir insonning katta hayotga qadam qoʻyishi aynan shu aziz dargohdan boshlanadi.
Taʼlim va tarbiya, ilm, maʼrifat oʻchogʻi sanalmish maktab shunday tabiatga egaki, uning mehr daryosidan bir qatra suv ichgan odam bu maskanga bir umr muhabbat qoʻyadi. Chunki, maktab shunday muqaddas dargohki, uning ilm va ziyo taftidan bahramand boʻlgan kishi to hayot ekan oʻzini qarzdor sezadi, unga sadoqatli boʻlish burchini his qiladi. Shu bois har birimiz oʻzimiz oʻqigan hamda taʼlim olgan maktabga mansubligimizdan cheksiz faxrlanishimiz va unga taʼzim bajo keltirishimiz ham farz, ham qarzdir.
Taʼkidlash joizki, ushbu tarixiy sanaga bagʻishlangan anjuman juda tantanavor ruhda boshlandi. Turli avlodlarga mansub insonlarning diydorlashuvi, tabarruk yoshdagi ustozlarning ishtiroki, bir biriga tanish chehralarning quvonchlari, bayramga xos musiqa sadolari tadbir avvalidayoq, sobiq va sodiq maktabdoshlar ruhini koʻtarib yubordi.
Shinam va fayzli dasturxon atrofida dildan kechgan suhbatlarda yuzlab marhum ustozlar, murabbiylar eslanib, ularning yorqin nomlari, ezgu mehnatlari xotirlandi.
Tadbirning asosiy tashkilotchilari maktab direktori Farhod Qosimov, tuman xalq taʼlimi boʻlimi rahbari oʻrinbosari Nargiza Siddiqova va boshqalar aynan shu maskanning sobiq oʻquvchilaridir.
Kechada soʻz olgan mehnat faxriylari Oʻktamjon Hotamboyev, Nabijon Siddiqov, Akramjon Siddiqov, Mirzali Dehqonov, Muqaddasxon Oʻlmasova va boshqalar maktab tarixiga oid oʻzlarining boy xotiralari bilan oʻrtoqlashdilar.
Taʼkidlanganidek, ushbu maktab bitiruvchilari orasidan koʻplab respublikamizda taniqli insonlar yetishib chiqqan. Jumladan, fan doktorlari, fan nomzodlari, ilm-maʼrifat namoyondalari, sport sohasida respublika, Osiyo va Jahon chempionatlari gʻoliblari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida nom qozongan hamyurtlarimiz koʻplab topiladi.
Tadbirning eʼtirofga molik yana bir jihati shundaki, maktab tarixiga oid tashkil etilgan stendlarda bir asrni qamrab oluvchi fotosuratlar, qiziqarli fakt va raqamlar, tarixiy manbalar turli avlodlarga mansub maktabdoshlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Oʻz navbatida, tarixiy sana munosabati bilan ijtimoiy tarmoqda tashkil etilgan “Yuz yoshing muborak maktabim” kanali juda tezlikda ommalashib ketgani, unda maktab hayoti bilan bogʻliq turli davrlarga oid qiziqarli manbalar berib borilayotgani, marhum ustozlar xotirlanayotgani, taʼlim va tarbiyaga oid qimmatli oʻgitlar berib borilayotgani ham ayni muddao boʻldi.
Maktab jamoasi tomonidan tayyorlangan bayramona konsert dasturini tadbir ishtirokchilari qizgʻin kutib oldilar. Sobiq oʻquvchilar tomonidan maktab kutubxonasiga turli mavzulardagi adabiyotlar sovgʻa qilindi.
Saidolim HAYDAROV