Davra suhbatida talabalarga Belarus` milliy texnika universiteti haqida batafsil ma'lumot berildi.
— 2018 yilda Belarus` Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O'zbekistonga tashrifi chog'ida bir necha yo'nalishlarda hamkorlik shartnomalari imzolangan edi, — dedi Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov. — Jumladan, oliy ta'limni rivojlantirishga katta e'tibor qaratildi. Qisqa muddatda Belarus` Respublikasining oliy ta'lim muassasalari bilan qator hamkorlik aloqalari amalga oshirildi. Dastlab Toshkent davlat texnika universiteti beshta yo'nalish bo'yicha Belarus` milliy texnika universiteti bilan o'zaro qo'shma dasturlarni yo'lga qo'ydi. Ayni paytda yuzdan ortiq talabalarimiz avtomobilsozlik va traktorsozlik, mashinasozlik texnologiyasi, shu bilan birga biomuhandislik injineriyasi, metrologiya standartlashtirish va sifat menejmenti ta'lim yo'nalishlari bo'yicha qo'shma dasturlar asosida ta'lim olishyapti.
2019 yilda Toshkent shahrida Belarus` – O'zbekiston qo'shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti tashkil etildi. Institutga pandemiya sharoitiga qaramasdan 2020-2021 o'quv yilida dastlabki talabalar qabul qilindi. Hozirgi kunda 350 nafardan ortiq talaba mana shu oliy ta'lim muassasasida 6 ta ta'lim yo'nalishi bo'yicha tahsil olmoqda.
Uchrashuvda keyingi hamkorlik dasturlari doirasida yangi yo'nalishlarni ochish xususida so'z yuritildi. Quymakorlik texnologiyasi yo'nalishida qo'shma ta'lim 2+2 dasturi asosida bakalavr, 1+1 dasturi asosida magistraturada tahsil olish bo'yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. SHuningdek, kelgusida malaka oshirish, yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlash, ilmiy yo'nalishlar bo'yicha ham kelishuvlarga erishildi.
Shu kungacha Toshkent davlat texnika universitetining 100 ga yaqin yosh professor- o'qituvchilari Belarus` milliy texnika universitetida malaka oshirib qaytdi. O'nga yaqin iqtidorli yoshlarimizga Belarus` milliy texnika universitetining professor -o'qituvchilari tayanch doktoranturada ilmiy rahbarlik qilyapti. Bu ishlar muntazam davom etadi. Toshkent davlat texnika universiteti professor-o'qituvchilari o'zlarining ilmiy loyihalarini Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim qilib, Belarus` ilmiy-texnik qo'mitasi bilan hamkorlikda yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish ko'zda tutilmoqda.
2021/2022 o'quv yilidan boshlab Belarus` miliy texnika universiteti bilan hamkorlikda 2+2 formatda tashkil qilingan qo'shma ta'lim dasturlari asosida tahsil olayotgan talabalarning 3-kursdagi o'quv jarayonlari bevosita Belarus` miliy texnika universitetida tashkil etiladi.