Zafarobod tumanida yirik sement zavodining birinchi bosqichi ishga tushirildi

    Sanoat 1 Avgust 2020 4584

    Oʻzbekistonda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar soni yana bittaga koʻpaydi, deb xabar berdi «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi matbuot xizmati.

    Qayd etilishicha, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida yirik sement zavodi “Huaxin Cement Jizzakh” MCHJ QKning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Korxona yiliga 1,2 mln tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyihaning umumiy qiymati 150,0 mln dollarni tashkil etadi. Eʼtiborlisi, zavod toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga bunyod etilgan. Muhimi pandemiya sharoitida bu yerda 300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Endilikda korxonada M-400 va M-500 markadagi sifatli sement mahsulotlari ishlab chiqariladi. Buning uchun korxona eng soʻnggi rusumdagi energiya tejamkor, ekologiyaga taʼsir kuchi kam boʻlgan texnologiyalar bilan jihozlangan. Hozirda zavodda kuniga 2,5-3 ming tonna yarim tayyor mahsulot klinker ishlab chiqarilmoqda. Sinov-tekshiruv davri yakunlangach zavod kuniga 5 ming tonna sifatli sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Maʼlumot uchun, «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi investitsiya loyihalar, hamda hududiy dasturiga koʻra viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda joriy yilda umumiy quvvati 5 mln tonna boʻlgan jami 6 ta yangi sement zavodlari foydalanishga topshiriladi. Natijada, sement ishlab chiqarish boʻyicha umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 mln. tonnaga yetkaziladi.