Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, tezkor tadbirlar davom ettirilib, ushbu jinoyatga aloqador shaxsning sherigi Mirzo Ulugʻbek tumani “Olmachi” mahallasi hududida qoʻlga olindi. Fuqaroning shaxsiy koʻrigi davomida uning oʻng choʻntagidan ogʻirligi 11 gramm boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi topildi.

Shuningdek, Olmachi mahallasida joylashgan xonadon koʻzdan kechirilganda, oshxona qismidan 2 oʻramda jami 525 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlandi. Xonadonning yotoqxona qismida esa giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalaniladigan “zip” paketlar, 2 dona elektron tarozi, magnit moslamalari hamda 144 dona alohida qadoqlangan, magnit moslamalari biriktirilgan oʻramlar bilan birga ogʻirligi 276 grammni tashkil etuvchi “gashish” giyohvandlik vositasi fosh etildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.