“Zakovat” ommaviy-maʼrifiy harakatga aylanmoqda

    “Turonbank” xodimlari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinlarining final bosqichi boʻlib oʻtdi.

    Zakovat intellektual oʻyinini nafaqat yoshlar, balki aholining barcha qatlamlari oʻrtasida targʻib qilish, ushbu oʻyinlarni ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Turonbank xodimlari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinlarining final bosqichi boʻlib oʻtdi.

    Qariyb bir yil davomida Turonbankning respublikada barcha infratuzilmalari dastlab hududiy bosqich oʻyinlarida bellashdilar. Yakuniy final oʻyinida esa, eng yaxshi natijalarni qayd etgan 33 ta jamoa bahs olib bordi.

    “Zakovat” arenasida boʻlib oʻtgan intellektual oʻyinlarning 2024-yildagi soʻnggi bosqichi xodimlarning ilm-salohiyatini yanada oshirish, jamoada oʻzaro hamjihatlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

    Abdurasul Abdullayev boshchiligida oʻtkazilgan mazkur oʻyinda Turonbankning respublikamizdagi barcha hududiy boshqarmalari hamda Bosh ofis xodimlaridan tashkil topgan eng kuchli jamoalari bellashdi.

    Bu turnirni oʻtkazishdan asosiy maqsad, “Zakovat” intellektual oʻyinini bank xodimlari orasida ommaviy-maʼrifiy harakatga aylantirish, ularning mantiqiy fikrlashlarini rivojlantirish, qolaversa, xodimlar boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda intellektual qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlashdir. Oʻyin hayajonli, hissiyotlarga toʻla va kutilmagan savollarga boy oʻtdi. Bunday anʼana, yaʼni bilimlar bellashuvi barcha jamoalar ishtirokchilarida oʻzgacha va katta taassurot qoldirdi, — deydi “Turonbank” boshqaruv raisi oʻrinbosari Zohid Obidov.

    Oʻyin soʻnggida eng kuchli 3 ta jamoa gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Shu bilan birga, «Zakovat« intellektual oʻyinlarida eng faol ishtirok etgan ayol va erkak xodimlar ham mukofotlandi. Gʻoliblar pul mukofotlari va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.