Hujjat bilan “Zakovat” intellektual oʻyinini aholi oʻrtasida ommaviy- maʼrifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual oʻyinlarni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklandi:

- yoshlarning intellektual rivojlanishga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-

quvvatlash va bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib borish;

- yoshlar oʻrtasida intellektual oʻyinlar, notiqlik musobaqalari,

chet tillarda munozara va uchrashuvlar oʻtkazish;

- yoshlar oʻrtasida intellektual oʻyinlarni rivojlantirish hamda

ommalashtirishga qaratilgan loyihalarga grantlar ajratish;

- intellektual oʻyinlar va ulardagi iqtidorli ishtirokchilar haqidagi

maʼlumotlarning elektron platformaga kiritilishini taʼminlash va intellektual oʻyinlar natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish.

Tashkiliy qoʻmita tavsiyasiga koʻra intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib va sovrindor (1-3-oʻrinlar) boʻlganlar:

- umumiy oʻrta taʼlim maktablari, shu jumladan Prezident taʼlim muassasalari oʻquvchilari — oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari hamda oliy taʼlim muassasalariga;

- oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻquvchilari — oliy taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yoʻnalishlariga, oliy taʼlim muassasalari talabalari — taʼlimning keyingi bosqichiga bazaviy toʻlov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab intellektual oʻyinlarning respublika bosqichida gʻolib boʻlgan oʻquvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasi taʼsis etiladi. Stipendiya Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Bunda taʼlim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori boʻlgan professor-oʻqituvchilarga direktor jamgʻarmasi hamda oliy taʼlim muassasalarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan bir oylik mehnatga haq toʻlash fondining 50%i miqdorida bir martalik ustama toʻlab beriladi.

Davlat byudjetidan “Zakovat” intellektual klubi” NNTga 2022-yilda 50 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Kelgusi yillarda mablagʻlar “Zakovat” intellektual klubiga asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ajratiladi.

2022-yildan boshlab har yili taʼlim yoʻnalishi, sohasi, mutaxassisligidan qatʼi nazar respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida Intellektual olimpiada tashkil qilib boriladi.

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab har yili aprel oyida “Intellektual haftalik” tadbiri oʻtkazib boriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 21.01.2022-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.