SHahrillo Xolov Harbiy tibbiyot akademiyasining harbiy vrachlar tayyorlash fakul`teti kursanti. Kuni kecha u iqtidorli tengdoshlari qatori “Tibbiyot mohirlari” 3-xalqaro olimpiadasida qatnashdi. Olimpiada natijalari e'lon qilinganida kursantning quvonchi cheksiz edi. CHinakam mehnat natijasini ko'rsatdi. SHahrillo bizga intervyusida o'tib borayotgan yil omadli kelganini ta'kidlab, intilish va maqsadlari haqida so'zlab berdi.
— 2023-yil fevral oylari. O'shanda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti 4-kurs talabasi edim. Institutimizga Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasidan mas'ul shaxs kelib, bizga akademiya haqida ma'lumot berdi hamda o'qishga qabul boshlanganini aytib qoldi. YOshligimdan harbiy soxaga qiziqishim borligi tufayli bu men uchun yaxshi imkoniyat edi. Men ham qabul uchun ariza topshirdim. Oilamiz a'zolari tanlovimdan xursand bo'lib, meni qo'llab quvvatladi. Iyun`-iyul` oylarida jismoniy, psixologik va mutaxassislik fanlaridan imtihon topshirdik, — deydi intiluvchan kursant. — 4 iyulda imtihondan o'tganim to'g'risidagi xabarni eshitdim. O'sha vaqtdagi xursandligimni so'z bilan ta'riflab berolmayman. YUrtimizda barcha kasblar mas'uliyatli. Lekin ular ichida faqat ikki kasb egalari xizmat faoliyatini boshlashdan oldin qasamyod qabul qiladi: biri shifokorlik bo'lsa, ikkinchisi harbiylik. Menga shu ikki qasamyodni o'qish, shu ikki kasb egasi bo'lish, ikki kasb libosini kiyish baxti nasib etdi.
SHu bilan men 28 iyulda akademiyaga keldim. Vzvod komandirimiz va safdoshlarim bilan tanishdim. Birgalikda akademiyada qanday shart-sharoitlar yaratilganligiga guvoh bo'ldik. Akademiyamiz zamonaviy talablarga to'la javob beradi. Bizga o'z kasbining etuk mutaxassislari, professor-o'qituvchilar dars o'tyapti. O'quv binomizdagi simulyatsiya markazi zamonaviy, eng so'nggi tibbiyot jihozlari va robotlar bilan ta'minlangan. Hech bir oliygohda bizning yotoqxonaday qulay, shinam va zamonaviy yotoqxona bo'lmasa kerak. Kursantlar dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Akademiyamiz Markaziy harbiy klinik gospital ro'parasida joylashgani ham amaliy bilimlarga ega bo'lishimizda katta qulaylikdir.
15 dekabrda Samarqandda xalqaro tibbiyot olimpiadasi bo'lib o'tdi. Unda qatnashish katta mas'uliyat talab etadi. CHunki olimpiadaga borgan kursant Harbiy tibbiyot akademiyasi nomidan qatnashadi. To'g'risini aytsam, bu olimpiadada qatnashish uchun o'zimga ishonch etmadi. Bir guruh kursantlar qatnashib, umumjamoa hisobida 2-o'rinni egalladi. Bu akademiyamiz uchun katta yutuq edi. Keyin men bu olimpiadada qatnashmaganimdan biroz afsuslandim.
18 dekabrda fakul`tetimiz rahbari Komil eshquvvatov xonasiga chaqirib, Toshkent tibbiyot akademiyasida bo'lib o'tadigan “Tibbiyot mohirlari” 3-xalqaro olimpiadasida qatnashishimni aytdi. Men bundan xursand bo'ldim, lekin tayyorlanish uchun vaqt juda oz edi. ertasi kuni Toshkent tibbiyot akademiyasiga bordik. Olimpiada 8 mutaxassislik bo'yicha bellashdik. Tibbiy profilaktika yo'nalishi bo'yicha qatnashib, 2-o'rinni oldim. Umumjamoa hisobida guruhimiz 4 ta 2-o'rin, 3 ta 3-o'rinni egalladik. Taqdirlash jarayoni ko'tarinki kayfiyatda o'tdi. Taqdirlangandan so'ng “O'zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilaman”, deyishimiz zaldagi barchada bizga nisbatan havas uyg'otganini sezdik. Bundan juda katta faxr tuydim.
Biz umumjamoa hisobida barcha oliygohlar ichida faxrli 3-o'rinni oldik. Akademiyamiz rahbari alohida tashakkur bildirib, bizdek kursantlar bilan faxrlanishini aytdi. Buvim, ota-onam va oilaning boshqa a'zolari bu yutug'imdan juda xursand bo'ldi. Bu yutuqlarga erishishimga sababchi bo'lgan ustozlarim, akademiya rahbariyati va oilamiz a'zolariga rahmat aytaman. Xalqimiz va davlatimiz rahbari bildirgan ishonchni oqlashga, bor salohiyat va imkoniyatlarimni Vatan ravnaqi uchun sarflashga va albatta O'zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga va'da beraman.
Toshkent tibbiyot akademiyasi
axborot xizmati rahbari
Gulchehra MIRZAEVA yozib oldi.