Fond maʼlumotiga koʻra, loyihaning asosiy maqsadi eshitish qobiliyati zaif bolalarning kasb mahoratini rivojlantirish va ijtimoiylashuvda qoʻllab-quvvatlash, ularni oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirishga tayyorlash, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar oʻqituvchilarining malakasini oshirish va yangi metodologiyani ishlab chiqishdan iborat.

Ushbu loyiha birinchi “Zamin Education” oʻquv-resurs markazi ochilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan AKT-maktabi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyihaga moʻljallangan sinfda maʼlumotlarni qabul qilish sifatini oshirishga qaratilgan yordamchi uskuna — FM-tizimi oʻrnatilgan. Shuningdek, har bir oʻquvchiga individual eshitish vositalari taqdim etilgan.

“Zamin” fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva oʻquv jarayoni bilan tanishish uchun ushbu sinfga tashrif buyurib, 102 va 106-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning yuqori sinf oʻquvchilari bilan suhbatlashdi. Iliq muhitda bolalar oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi va oʻrganilayotgan mavzular haqida soʻzlab berdi.

Birinchi oʻquv-resurs markazining muvaffaqiyatli natijalaridan soʻng mamlakatning barcha hududlarida “Zamin Education” sinflarini tashkil etish rejalashtirilgan.