Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “2022-2026-yillarda onalak va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida” gi Qarorning ijrosi doirasida “Zamin” fondi tomonidan Jizzax viloyatining Perinatal markazi, koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi, shahar va tumanlar tugʻruq muassasalariga jami 15 ta chaqaloqlarning eshitish qobiliyatining skrining tekshiruvidan oʻtkazuvchi uskunalar topshirildi.
Bugun, Jizzax viloyat perinatal markazida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan viloyatdagi neantologlar va soha hamshiralari uchun mazkur uskunalarning qoʻllash koʻnikmasini shakllantirish, audio skrining boʻyicha nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Uch kun davom etadigan ushbu seminardan keyin neantolog shifokorlar oʻzlari mustaqil ushbu texnologiyani amaliyotda qoʻllashlari va har bir yangi tugʻilgan chaqaloqni tekshiruvdan oʻtkazishlari kerak boʻladi.
– Agar eshitish qobiliyatida nuqsoni bor bolalarga uch yoshigacha yordam koʻrsatilsa, ularning eshitish boʻyicha muammolarini bartaraf etish mumkin. Bu boradagi eng samarali yoʻl bu yangi tugʻilgan chaqaloqlarning eshitish qobiliyatini skriningdan oʻtkazish hisoblanadi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori Maksud Mahmudov. – Bu borada “Zamin” fondining tashabbusi va Respublikamizning barcha viloyatlariga navbatma navbat shunday chaqaloqlarning eshitish qobiliyatining skrining tekshiruvidan oʻtkazuvchi uskunalar bilan taʼminlanayotganligi eʼtirof va tahsinga sazovordir.