Ayniqsa, bu sanʼatlarning asosi boʻlgan dramaturgiya masalasi bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri boʻlib, kengash aʼzolari birgalikda yozilgan dramatik asarlarni badiiy-gʻoyaviy jihatdan baholash, talabga javob beradigan sahna asarlarini teatr va kino ijodkorlariga tavsiya etish, yosh ijodkorlarni sohaga jalb qilish kabi vazifalar samaradorligi uchun intilmoqda. Kengash aʼzolari murakkab pandemiya sharoitida teatrlar bilan hamkorlikda ishlab, zamon ruhiga mos qator spektakllarning sahna yuzini koʻrishida, ularning muhokamalarida ishtirok etdi.

Oʻtgan 2020-yilda kengash aʼzolari safi kengayib, 3 nafar yosh dramaturg Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilindi.

Kengash faoliyatining shu kabi natijalari sarhisobi teatr, badiiy kino, hujjatli kino va serial dramaturgiyasi kabi toʻrt yoʻnalishda muhokama qilindi. Hisobot yigʻilishida dastlab Yozuvchilar uyushmasining teatr va kinodramaturgiya kengashi raisi Shuhrat Rizayev, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq soʻzga chiqdi.

Unda “2020-yilda teatrlar faoliyati va dramaturgiya masalasi” mavzusida OʻzFA Sanʼatshunoslik instituti direktor oʻrinbosari, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Dilfuza Rahmatullayeva, “Badiiy kino: ssenariylar va ularning film talqinlari” mavzusi boʻyicha Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti “Kino, televideniye va radio sanʼati” kafedrasi oʻqituvchisi Sardor Mahmudov, “Hujjatli kinoda mavzu va uning yoritilishi” mavzusi boʻyicha Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti dotsenti, kinoshunos Feruza Fayziyeva, “Oʻzbekistonda serial industriyasi: jarayon, muammo va yechimlar” mavzusi boʻyicha sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, kinoshunos Oybek Veysal oʻgʻli maʼruza qildi.

Mavzular yuzasidan boʻlib oʻtgan muhokama va munozaralarda teatr va kinodramaturgiya sohasidagi yutuqlar bilan birgalikda kamchilik va muammolar haqida ham batafsil taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, yigʻilishda Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi homiyligida chop qilingan “Oʻzbek dramaturgiyasi ufqlari” nomli pyesalar toʻplamining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Mazkur kitobda soʻnggi olti-yetti yil orasida yozilgan turli janrdagi oʻn oltita dramatik asar jamlangan. toʻplamga taniqli dramaturglar Sharof Boshbekov, Erkin Aʼzam, Hayitmat Rasul, Nafas Shodmonov, Nurillo Abbosxon, Abduqayum Yoʻldoshev, Qoʻchqor Norqobil, Ibrohim Sodiqov, Inomjon Tursunov hamda Erkin Norsafar kabi mualliflar qatorida Maftuna Muhammadaminova, Husnora Roʻzmatova, Sardor Hamroyev, Javlon Jovliyev, Obidjon Roʻziboyev, Husnillo Jomonqulov, Bobur Hamroyev kabi sohaga kirib kelayotgan yoshlarning ijod namunalari kiritildi.

– Mazkur pyesalarni soʻnggi oʻn yillikda yozilgan yuzlab boshqa dramatik asarlar orasida badiiy gʻoyaviy jihatdan ajralib turadigan sara asarlar deyish mumkin, – dedi Teatr va kinodramaturgiya kengashi raisi Shuhrat Rizayev. – Bu pyesalar tarix va zamondoshlarimiz hayotini haqqoniy yoritgani, qalbi, dunyoqarashiga taʼsir etib, qaysidir maʼnoda maʼnaviy ehtiyojlarini qondira olgani, ayni kerakli fikrlarni ayta olgani bilan qimmatli. Kitobga kiritilgan pyesalarning aksariyati Respublika teatrlarida sahnalashtirilgan.

Yigʻilish soʻnggida kitobga kiritilgan pyesalar haqida iliq fikrlar aytildi.

Shodi Otamurod,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Hududiy boʻlimlar va

ijodiy kengashlar bilan ishlash boʻlimi bosh mutaxassisi