Toshkent Davlat Yuridik Universitetida joriy etilgan “Elektron universitet” platformasi nafaqat qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, balki axborot xavfsizligini kafolatlagan holda, o‘quv jarayonining shaffofligi va samaradorligini keskin oshirishga xizmat qilmoqda. Universitetning digital.tsul.uz platformasi oliy ta’limda raqamli transformatsiyaning yorqin namunasi bo‘ldi.
Platformaning talaba va o‘qituvchilar uchun qulayligi
TDYUning digital.tsul.uz ta’lim platformasi doirasida yaratilgan va takomillashtirilgan bir qator modullar o‘quv va ma’muriy jarayonlarni tubdan o‘zgartirdi:
Yagona identifikatsiya: Tizimga kirish jarayoni id.egov.uz tizimi orqali soddalashtirildi, bu esa foydalanuvchilar uchun qulaylikni oshirdi.
O‘quv jarayoni va ma’muriyat: Talabalar vakillarini fakultet va kurslar kesimida saylash, shuningdek, majlis xonalarini band qilish imkoniyatlari yaratildi.
Psixologik qo‘llab-quvvatlash: Talabalar endi psixolog qabuliga online yozilishlari mumkin.
Test moduli: Talabalar va o‘qituvchilar uchun test sinovlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan, bilimni baholash jarayoni to‘liq raqamlashtirilib alohida modul sifatida ishga tushirildi.
Statistika va tahlil: Rahbariyat uchun talabalarning soni, demografiyasi (yoshi, jinsi, fuqaroligi), o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari (GPA) va hatto darslardan qoniqish darajasigacha bo‘lgan ma’lumotlar dashboard ko‘rinishida aks ettirildi.
Imtihon Shaffofligi – Face ID Nazoratida
Platformaning eng muhim va innovatsion qismi bu – exam.tsul.uz moduli orqali imtihonlarni tashkil etish tizimidir:
- Shaxsiy joy va vaqt: Imtihon topshirish xonasi, kompyuter raqami va vaqti har bir talaba uchun aniq belgilab qo‘yiladi. Talaba faqat belgilangan joyda o‘z imtihonini topshira oladi.
- Maxfiy parol va yuzni tanish texnologiyasi: Imtihonga kirishda talabadan Face ID orqali yuzini tasdiqlash va hatto jonliylikni aniqlash talab etiladi. Bu jarayon imtihon jarayonining shaffofligini va ishonchliligini keskin oshiradi.
Mobil yechimlar: Talaba va o‘qituvchi cho‘ntagida
Universitet mobil texnologiyalaridan unumli foydalanishga katta e’tibor qaratdi:
“TSUL Teachers” mobil ilovasi o‘qituvchilarga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- Davomat nazorati: Talabalarning darsga kelishini ro‘yxatga olish.
- Sun’iy intellekt yordamchisi: O‘qituvchilar uchun maxsus tayyorlangan prompt orqali o‘quv, baholash va metodik savollarga tezkor va kontekstli javoblar olish. Bu esa dars tayyorlashni tezlashtiradi.
“TSUL Students” mobil ilovasi (Talabalar uchun)
- Davomat va imtihonlar: Talaba o‘zining darslardagi ishtiroki va yaqinlashayotgan imtihonlar jadvalini ko‘ra oladi.
- O‘zlashtirish tahlili: Oraliq va yakuniy baholar, umumiy GPA, shuningdek, qarzdor fanlar alohida ko‘rsatiladi.
- Chat AI yordamchisi: Talabalarga darslarni oʻzlashtirishda qiziqtirgan savollariga tezkor javob bera oladi.
digital.tsul.uz elektron ta’lim platformasi doimiy tarzda takomillashtirilib boriladi.
K.Almuradov,
Elektron universitet boʻlimi boshligʻi








