Zamonaviy bilim va kasb-hunar egallash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 12 Avgust 2022 10413

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Zamonaviy bilim olish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunar egallash istagida bo‘lgan yoshlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning intellektual hamda kasbiy mahoratini rivojlantirishga bo‘lgan intilishlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, joriy yil 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan hamda 29 iyul kuni axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida:

    1. 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun ta’lim krediti ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

    Belgilansinki:

    a) tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozitlar hisobidan axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;

    b) nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun yoshlarga ta’lim krediti:

    bazaviy hisoblash miqdorining 65 baravarigacha miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan yoshlarga ajratiladi;

    rasmiylashtirilishi va uning qaytarilishida kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari va boshqa uchinchi shaxslar birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

    v) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishga ajratiladigan ta’lim krediti uchun garov va kafillik talab etilmaydi;

    g) axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun yoshlarga ta’lim krediti Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda – IT-park) rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning o‘quv kurslarida ta’lim olish uchun ajratiladi. Bunda, axborot texnologiyalari sohasida ta’lim beruvchi rezident tashkilotlar reyestri IT-park tomonidan elektron axborot tizimi shaklida yuritiladi hamda zarur hollarda tijorat banklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilinadi.

    2. Axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishi uchun ta’lim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash:

    2022 yilda Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) ajratilgan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

    kelgusi yillarda esa haqiqiy talabdan kelib chiqib Jamg‘armaga zarur mablag‘lar ajratiladi.

    3. Belgilab qo‘yilsinki:

    Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tijorat banklarining so‘rovlariga asosan ularga Markaziy bankning asosiy stavkasida axborot texnologiyalari sohasida yoshlar tahsil olishiga ta’lim krediti ajratish uchun mazkur stavkadan 4 foiz bandga past bo‘lgan stavkada depozit joylashtiradi;

    Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda depozit mablag‘lari va axborot texnologiyalari sohasida yoshlarning tahsil olishi uchun ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.

    4. AT “Xalq banki”, AT “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” ATBning 2022 yil 1 noyabrdan boshlab IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarida tahsil olayotgan ishtirokchi sertifikatini olgan yoki ushbu o‘quv kurslarini so‘nggi 6 oyda muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga kompyuter (shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmagan) xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

    Bunda:

    kompyuter xarid qilish uchun ajratiladigan iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravarigacha qismi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi) hisobidan kompensatsiya qilinadi;

    sertifikatlarning yagona elektron reyestri IT-park tomonidan yuritiladi.

    5. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlarga 2023 yil 1 avgustga qadar “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan va sertifikat olgan holda, shuningdek, mazkur qarorning 4-bandida ko‘zda tutilgan tartibda kompyuter xarid qilish maqsadida kredit olish uchun Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan kafillik berish tizimi joriy etilsin.

    Yoshlar ishlari agentligi Moliya vazirligi, Markaziy bank va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 oktyabrga qadar mazkur bandda ko‘zda tutilgan kafillik berish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    6. Yoshlar ishlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 avgustga qadar nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratish, shuningdek, mazkur qarorning 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan tartibda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.

    7. Moliya vazirligi:

    a) Yoshlar ishlari agentligi va Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin:

    “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlari bo‘lgan yoshlarga axborot texnologiyalari sohasida tahsil olishga ajratilgan ta’lim krediti bo‘yicha yuzaga keladigan kredit tavakkalchiligini Moliya vazirligi va tijorat banklari o‘rtasida taqsimlash;

    Jamg‘arma hisobidan nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida axborot texnologiyalari sohasida yoshlarning tahsil olishi uchun tijorat banklariga ta’lim kreditlari uchun depozit joylashtirish;

    nodavlat ta’lim tashkilotlarida axborot texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan yoshlarga o‘quv kurslarida ta’lim olish to‘lovlari uchun kredit ajratish;

    Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda tijorat banklariga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlarini o‘rnatish;

    b) mazkur qarorda ko‘zda tutilgan axborot texnologiyalari sohasida tahsil olish uchun ta’lim krediti, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan va sertifikat olgan yoshlarga hamda IT-park rezidenti bo‘lgan tashkilotlarning axborot texnologiyalari sohasidagi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoki ishtirokchi sertifikatini olgan yoshlarga kompyuter xarid qilish maqsadida iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilish uchun zarur mablag‘larning 2023 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida o‘rnatilgan tartibda nazarda tutilishini ta’minlasin.

    8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6208-son Farmonining 7-bandiga muvofiq Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘larni mazkur qarorning 4-bandiga asosan iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini kompensatsiya qilish hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning boshqa maqsadlariga yo‘naltirishga ruxsat berilsin.

    9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda mamlakatimiz aholisining ta’lim olish, mehnat qilish hamda turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tovarlar (xizmatlar)ga iste’mol krediti ajratilishi tartibini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda yoshlarni zamonaviy bilim olish hamda kasb-hunar egallashga jalb etish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari hamda Internet jahon axborot tarmog‘ida muntazam ravishda targ‘ibot ishlarini amalga oshirsin.

    11. Yoshlar ishlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A.Ishmetov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.H.Shermatov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z.Sa’dullayev belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 12 avgust