Prezidentimiz Murojaatnomasi barcha yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilik hamda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz milliy rivojlanishning yangi davriga dadil qadam qo‘yib, hayotimizning barcha jabhasida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotganini qayd etar ekan, 36 millionli xalqimizning har bir vakili tinch va farovon hayot kechirishi uchun ko‘rilayotgan muhim choralar jadal davom ettirilishini ta’kidladi.

Murojaatnomada inson qadrini ulug‘lash va orzu­umidlarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining muhim maqsadlaridan biri ekaniga alohida urg‘u berildi. Jumladan, “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitusiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerakligi, bu jarayonda, eng avvalo, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, farzandlarimizning xalqaro standartlar asosida bilim olishini ta’minlash kunning muhim talabi ekani qayd etildi.

Xalqimiz farovonligi va jamiyatimiz rivoji uchun katta o‘zgarishlarga asos bo‘lib xizmat qiluvchi mazkur nutqda yoshlar masalasiga, xususan, ularning sifatli bilim olishi, kasb­-hunar egallashi uchun muhim tashabbuslar ilgari surilgani biz, soha xodimlariga katta xursandlik baxsh etish bilan birga zimmamizga ulkan mas’uliyat yukladi.

Yoshlarning sifatli ta’lim olishini ta’minlash borasidagi tub islohotlar zamirida yosh avlodning barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga qaratilgan yuksak e’tibor, o‘g‘il­-qizlarni bilimli va vatanparvar insonlar qilib tarbiyalash g‘oyasi mujassam.

Mazkur fikrlarga hamohang tarzda Prezidentimiz tomonidan kirib kelayotgan 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berish taklif etilgani barcha yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi gap bo‘ldi.

Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida barpo etishning dastlabki sharti sifatli ta’lim ekani va eng katta investisiya, avvalo, ta’limni qo‘llab-­quvvatlashga yo‘naltirilishi lozimligi, shu maqsadda kelgusi yildan boshlab maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanishi aytildi.

Murojaatnomada ta’kidlanganidek, 2023 yildan boshlab yurtimizdagi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida mutlaqo yangicha metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tanlab olingan bittadan — jami 14 maktabda xalqaro ta’lim tizimini  tajriba-­sinov tariqasida joriy etish ishlari jadal olib borilmoqda.

“Zamonaviy jamiyat uchun zamonaviy ta’lim” shiori ostida boshlangan mazkur tashabbus doirasida o‘quvchilarning aniq va tabiiy fanlarni puxta o‘zlashtirishi va olgan bilimini hayotda qo‘llay olish imkoniyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Har bir dars bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi va ushbu jarayonda o‘quvchilarning ijodkorlik qobiliyatini yanada rivojlantirishga urg‘u beriladi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan elektron darslik va dasturlar, bolalarni muammoni hal etish va zarur xulosaga kelishga undovchi turli o‘yin shaklidagi metodik ishlar mazkur xalqaro ta’lim yo‘nalishining asosini tashkil etadi. Shu bilan birga, o‘quvchilarning o‘rganadigan fani va o‘qituvchisini mustaqil tanlash huquqi borligi, maktab darslarida bolalarning ichki imkoniyati va qobiliyatini yuzaga chiqarishga mo‘ljallangan pedagogik usullar, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish mashg‘ulotlarning yanada qiziqarli va samarali o‘tishini ta’minlaydi.

Prezidentimiz o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr­qimmatini himoya qilish, ushbu mezonni Konstitusiyada alohida belgilash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Albatta, bugungi kunda ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini o‘z vazifasiga aloqador bo‘lmagan turli ishlarga jalb etish, ular zimmasiga ortiqcha vazifalarni yuklashning oldini olish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hududiy hokimliklar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda keskin choralar ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbari maktab ta’limini rivojlantirish borasida belgilangan qator muhim vazifa va rejalarga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, ta’lim sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirish maqsadida yangi maktab binolari qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish bo‘yicha boshlangan ishlar yanada kengaytiriladi. Xususan, 2023 yilda yurtimizda 70 ta yangi maktab binosi quriladi va ular zamonaviy o‘quv jihozlari hamda qo‘shimcha mebellar bilan ta’minlanadi. Mavjud 460 ta umumta’lim maktabida yangi o‘quv binolari qad rostlaydi.

Joriy yilda tegishli davlat dasturlari asosida 791 ta va “Ochiq byudjet” platformasi orqali 873 ta umumta’lim maktabida qurilish­-ta’mirlash ishlari bajarilib, 120 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rni yaratildi. Oxirgi to‘rt yilda 166 ta maktab binosi qurildi, 2 ming 433 ta maktab binosi rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Mazkur ta’lim muassasalaridagi 1 ming 965 ta zamonaviy kompyuter sinfxonasiga xalqaro moliya institutlari hamda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 26 ming dona kompyuter jamlanmasi yetkazildi.

Murojaatnomada  mamlakatimizdagi barcha maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish tartibi joriy etilishi aytilgani xalqimiz tomonidan katta quvonch bilan qabul qilindi. Prezidentimiz joriy yil boshidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun joriy etilgan mazkur amaliyot davomida katta tajriba to‘plangani va endi uni mamlakatimiz miqyosida amalga oshirish uchun kelgusi yilda 2,3 trillion so‘m ajratilishini bildirdi.

Haqiqatan ham, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil davomida Qora qalpog‘iston Respublikasidagi 726 ta umumta’lim maktabida tahsil olayotgan 139 ming 374 nafar hamda Xorazm viloyatidagi 549 ta umumta’lim maktabida 134 ming 315 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisining bepul ovqatlanishi tashkil etildi.

Yurtimizda yashayotgan yoshlarning sifatli ta’lim olishi va kelgusida barkamol avlod bo‘lib yetishishini ta’minlashda mazkur nutqning tarixiy ahamiyati va o‘rni g‘oyat muhim. Murojaatnomada keltirib o‘tilgan va xalq ta’limi tizimiga tegishli vazifalar sohada mehnat qilayotgan barcha mutasaddilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining keng qamrovga ega hamda hayotimizning turli jabhalarini qamrab olgan Murojaatnomasi xalqimiz turmush darajasini yanada oshirish hamda farzandlarimizning bilimli va vatanparvar bo‘lib kamol topishini ta’minlashdagi dolzarb ahamiyati bilan barchamiz uchun qadrlidir.

Baxtiyor SAIDOV,

xalq ta’limi vaziri