Poytaxtimizda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti tomonidan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi koʻmagida ana shu mavzuda xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oliy Majlis, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar, akademik hamjamiyat vakillari, shuningdek, chet ellik olim va ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va chet el diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda hozirgi davrda turli mamlakatlarda konstitutsionalizmning rivojlanish tendensiyalarini aniqlash va tahlil qilish, bu boradagi ilgʻor milliy va xalqaro tajribani qiyosiy oʻrganish, shuningdek, mamlakatimizning Bosh qonunini jamiyatdagi real voqelikka, shiddatli demokratik islohotlar mantigʻiga moslashtirish, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevor yaratish masalalari boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Taʼkidlanganidek, har qanday demokratik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega boʻlsagina bardavom va samarali kechadi.  Konstitutsiya va qonunlar davr shiddati va talabi, islohotlar va xalq ehtiyojlaridan kelib chiqilgan holda doimiy ravishda takomillashtirib boriladi. Birgina XXI asrda 90 ga yaqin davlatda konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi konstitutsiya qabul qilindi.

Konferensiyada mamlakatimizda soʻnggi yillarda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi tub demokratik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilayotgani, Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyaning 21 ta moddasiga 9 marotaba 32 ta oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilgani qayd etildi.

Shu bilan birga, globallashuv, raqamlashtirish, iqlim oʻzgarishi va jadal oʻzgarib borayotgan davr talabi asosida mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash borasida oʻta dolzarb yangi vazifalar qoʻyilayotir.

Jumladan, yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasida mamlakatni modernizatsiya qilishning yetti yoʻnalishi boʻyicha 50 dan ortiq kodeks, qonun, strategiya, konsepsiya va dastur koʻzda tutilgan, 100 dan ortiq boshqa tashabbus ilgari surilgan.

– Konferensiya ishtirokchilari Taraqqiyot strategiyasida ilgari surilgan maqsadlarning hayotga izchil tatbiq etilishi mamlakatda demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqishiga alohida toʻxtalib oʻtdi, – deydi Barqaror rivojlanish markazi direktori Maʼrufjon Usmonov. – Bu, birinchi navbatda, “Inson shaʼni va qadr-qimmati yoʻlida” ustuvor tamoyilini toʻliq amalga oshirish bilan bogʻliq. Shu oʻrinda qayd etish lozimki, inson qadr-qimmati fuqarolarning tinch va xavfsiz hayotini, asosiy huquq va erkinliklarini, munosib turmush sharoitini taʼminlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish, mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya va sogʻlom ekologik muhitni yaratish demakdir. Taraqqiyot strategiyasida “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” prinsipini hayotga tatbiq etish boʻyicha konstitutsiyaviy normani mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Jahon tajribasiga koʻra, ijtimoiy davlat – bu raqobatli bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida oʻz fuqarolariga muayyan minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat. Bu jamiyat tuzilmasini tashkil etishning muayyan bir shakli boʻlib, uning maqsadi insonni shaxs sifatida namoyon etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini hamda davlatni takomillashtirishning huquqiy kafolatini taʼminlaydigan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarni yuqori darajada rivojlantirishdir.

Anjumanda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ustuvor darajada eʼtibor qaratish lozim boʻlgan qator masalalar muhokama qilindi.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdi va tegishli tavsiyalarni ilgari surdi.