Turar joy yoki bino-inshoot qurib, undan uzoq yillar foydalanishni maqsad qilgan har qanday kishi birinchi galda, imorat poydevorini mustahkam qurilish materiallaridan barpo etishga intiladi. Ilm-fan va innovatsion texnologiyalar tobora rivojlanib borayotgan bugungi dunyoda energiyatejamkor, arzon va sifatli qurilish materiallariga talab ortgan.

Birgina misol, oxirgi yillarda rivojlangan davlatlarda inshootlar qurilishida g'isht o'rniga energiyatejamkor gazobetondan foydalanish keng ommalashib ulgurdi. Ba'zan “sun'iy tosh” deb ham ataluvchi gazobeton tarkibidagi 1-3 millimetrli pufaklari tufayli oddiy beton va g'ishtdan ancha engil, etarli darajada mustahkam, hajmlardagi aniqlik, seysmologik holatlarga bardoshli, shovqin qaytaruvchi, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash kabi afzalliklari bilan ajralib turadi. Soddaroq aytganda, 1 metr kub g'isht 1800—2000 kilogramm og'irlikka ega bo'lsa, shu hajmdagi gazobetonning og'irligi atigi 500-700 kilogramni tashkil etadi. Asosiysi, u tabiiy gazni 8 marta kam sarflaydi. Shu bois, g'ovak betonning bir turi bo'lgan gazobeton hozirgi kunda eng zamonaviy qurilish materiallari qatoridan joy olmoqda.

Mamlakatimizda ham ushbu qurilish materialini ishlab chiqarishni keng yo'lga qo'yish, bu yo'nalishda jahon tajribasini qo'llashga alohida e'tibor qaratilmoqda. “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan gazobeton ishlab chiqarish bo'yicha bir qator investitsion loyihalar amalga oshirilib, yangi korxonalar faoliyati yo'lga qo'yilyapti. “O'zcharmsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda joriy yilning ilk oylarida Toshkent viloyati Olmaliq tumanida foydalanishga topshirilgan avtoklav gazobeton ishlab chiqaruvchi “Arton” kompaniyasi ana shunday katta loyihalar mahsuli. Ayni paytda “East Manning Invest” MCHJ shu turdagi mahsulotni ishlab chiqarish bo'yicha mamlakatimizdagi eng yirik korxona bo'lib, uning yillik quvvatini hozirgi 200 ming kub metrdan 500 ming kub metrga yetkazish ko'zda tutilgan.

Mahalliylashtirish 97,7 foizga etdi

Korxonada ish jarayoni zamonaviy texnologiyalar hamda Germaniyaning “Wehrhahn GmbH” kompaniyasida tayyorlangan so'nggi rusumdagi energiyatejamkor uskunalar yordamida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish to'liq avtomatlashtirilgan. Mahsulot tayyorlash jarayonlariga xorijiy va mahalliy yetuk mutaxassislar jalb etilib, 72 ta ish o'rni ham yaratilgan. Xodimlarning aksariyati kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bo'lib, Turkiyadan taklif etilgan 20 yillik ish tajribasiga ega 6 nafar mutaxassis ularga uskunalardan foydalanish yo'l-yo'rig'ini o'rgatib turadi. Yoz oylarida Germaniyadan qo'shimcha ishlab chiqarish texnikalari olib kelinishi hisobiga yil oxirida korxona to'liq quvvatda ishlay boshlaydi va ish o'rinlari soni 150 tadan oshishi rejalashtirilgan.

— Zavodda ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlashni yo'lga qo'yish maqsadida soha olimlari bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgani hisobiga jahon standartlariga mos mahsulot ishlab chiqarishga erishyapmiz, — dedi “East Manning Invest” MCHJ bosh direktori Zoirjon Oripov. — Xaridorga sifatli tovar taqdim etish uchun uning tarkibini sifatli xomashyo bilan boyitish zarur. Masalan, yaxshi avtoklav gazobeton ishlab chiqarish uchun kvarts qumi tarkibidagi kvarts miqdori kamida 85 foiz bo'lishi kerak. Bu jahon standarti talabi. Biz ana shu talab asosida nafaqat kvarts qumi, balki tsement va ohakning ham sifatlisidan foydalanishga harakat qilamiz. Buning uchun mamlakatimizda zarur xomashyo zaxirasi mavjud va gazobetonning 97,7 foizi mahalliy mahsulotlardan tayyorlanadi. Bu esa narx va sifat uyg'unligini kafolatlaydi. SHu bois, hozirda korxonamiz mahsulotlari istalgan xorijiy brendlar bilan tenglasha oladi, deb bemalol ayta olaman.

Sifatli va mustahkam mahsulot ishlab chiqarish oson ish emas. Zavod mutaxassislarining aytishicha, mahsulot tayyor holga kelgunga qadar bir necha soat davom etadigan 5 ta texnologik bosqichdan o'tadi. Bunda qurilmalarning bari maxsus yo'laklar bo'ylab zanjir misol ketma-ketlikda mustaqil harakatlanadi.

Katta uskunalarga solingan xomashyolar tegirmonga jo'natilib, suv va sharlar yordamida obdon maydalangach, laboratoriya tekshiruvlaridan o'tkazilib, so'ng ulardan gazobeton qorishmasi tayyorlanadi. Qoliplarga quyilgach, 3 soat davomida maxsus xonalarda saqlanadi. Keyingi bosqichda kerakli hajmlarda kesilgan yarim tayyor mahsulot Turkiyadan keltirilgan avtoklav uskunasida 12 soat davomida 180 gradus issiqlikdagi bug' yordamida pishiriladi. Bu vaqtda operatorlar maxsus xonada jarayonni kuzatib boradi.

Odatda, gazobetonlarning hajmi standart talabi bo'yicha ishlab chiqariladi. YA'ni, uzunlini 625, balandligi 250 millimetrdan o'zgarmaydi. Qalinligi esa xaridor talabiga ko'ra 100 dan 500 millimetrgacha o'lchamda tayyorlanadi. SHuning hisobiga u engil va tashishga qulay.

Bugungi kunda barcha sohalar, ayniqsa, qurilish tizimida energiya tejamkor mahsulotlardan foydalanishni davrning o'zi taqazo etmoqda. Bir qancha afzalliklarga ega avtoklav gazobetonlar esa ana shu talabga javob beradi. Bundan tashqari, u asosan mahalliy xomashyodan tayyorlangani bois, tan narxi shu turdagi boshqa qurilish materiallaridan bir necha barobar arzon.

Mahsulot sifatli bo'lsa, unga talabgor doim topiladi. Korxona hozirda mahalliy yirik tashkilotlar bilan hamkorlik kelishuvlarini imzolagan. Uzoq yillar davomida o'z mustahkamligini saqlab turadigan gazobetonlarga aholi orasida ham qiziqish ortib bormoqda. Tadbirkorlar yaqin yillarda ushbu mahsulot nafaqat yirik inshootlar, balki xalqimiz xonadonlari qurilishida keng foydalanilishiga hissa qo'shishni maqsad qilgan.

Tez orada korxona faoliyatini kengaytirish ko'zlangan niyatlardan yana biri. Respublikamiz aholisining gazobetonga bo'lgan talabini qondirish maqsadida Farg'ona vodiysi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida ham ana shunday innovatsion zavod qurish rejalashtirilgan. Kelgusida tayyor mahsulotning 30 foizi qo'shni davlatlarga eksport qilinadi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri