An’anaviy pedagogik model bir o‘qituvchi, bir darslik yondoshuvi o‘zgardi deyish mumkin. Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy sharoit va mehnat bozorining o‘zgaruvchan talablari ta’lim muassasalaridan tubdan farqli metodologik yondashuvni talab qilmoqda.

Mazkur maqolaning maqsadi raqamli texnologiyalarning ta’lim jarayoniga integratsiyalashuvi natijasida yuzaga kelayotgan afzalliklar va muammolarni ilmiy nuqtai nazardan tahlil qilish, shuningdek, ushbu jarayonni institutsional darajada boshqarish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Zamonaviy pedagogika va kognitiv psixologiya sohasidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, har bir o‘quvchining bilim o‘zlashtirish sur’ati, uslubi va motivatsion mexanizmlari individual xususiyatga ega. Ushbu jihat an’anaviy "yagona dastur barcha uchun" modelining samaradorligini pasaytiruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Raqamli platformalar, xususan, moslashuvchan (adaptiv) o‘quv tizimlari, har bir o‘quvchi uchun individual o‘quv traektoriyasini shakllantirish imkonini yaratadi.

Bugungi kunda o‘quv jarayonida quyidagi vositalar keng qo‘llanilmoqda:

  • Onlayn ta’lim platformalari vaqt va makon chegarasidan qat’i nazar bilim olish imkoniyatini ta’minlaydi;
  • Interaktiv multimedia materiallar murakkab mavzularni vizual va amaliy tarzda tushuntirishga xizmat qiladi;
  • Sun’iy intellektga asoslangan tizimlar individual mashqlar, real vaqtda tahlil va qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi;
  • Elektron baholash tizimlari bilim sifatini ob’ektiv va tezkor tarzda aniqlash imkoniyatini yaratadi.

Muhim jihat shundaki, sanab o‘tilgan vositalar o‘qituvchi faoliyatini inkor etmaydi, balki uni metodologik jihatdan boyitadi, shuningdek, uning vaqt resursini samaraliroq taqsimlash imkonini beradi.

Raqamlashtirish sharoitida o‘qituvchining kasbiy funksiyasi ham tub o‘zgarishga uchramoqda. Endilikda o‘qituvchi faqat bilim uzatuvchi emas, balki o‘quvchining mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantiruvchi metodolog va mentorga aylanmoqda. Bu holat o‘qituvchidan yangi kasbiy kompetensiyalarni raqamli savodxonlik, ma’lumotlarni tahlil qilish ko‘nikmasi va moslashuvchan pedagogik strategiyalarni talab qiladi.

Amalga oshirilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, jarayon bir qator institutsional va ijtimoiy muammolar bilan bog‘liq:

- Raqamli infratuzilmaning notekis taqsimlanishi, ayniqsa qishloq hududlarida;

-    Pedagog kadrlarning malaka oshirish tizimidagi yetishmovchiliklar;

-  Ekran vaqtining me’yoridan oshishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salomatlik va psixologik xavflar.

Ushbu muammolarni bartaraf etish davlat organlari, ta’lim muassasalari va oila institutining muvofiqlashtirilgan faoliyatini talab etadi.  Zamonaviy ta’lim tizimining kelajagi raqamli texnologiyalar bilan inson omilining uyg‘un integratsiyasiga bog‘liq. Texnologiya o‘z-o‘zidan maqsad emas balki sifatli teng va barqaror bilim berish vositasidir. Ushbu yo‘nalishda olib boriladigan ilmiy-metodik izlanishlar ta’lim tizimining sifat ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.

Abdumuxtor Raxmanov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi professori