Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti keltirgan ma'lumotlarga ko'ra, yo'l-transport hodisasi natijasida o'lim holatlari soni yildan-yilga ortib bormoqda va bu ko'rsatkich yiliga qariyb 1 million 400 ming o'lim holatlarini tashkil etadi. Hisobotda bunday hodisalar oqibatidagi jarohatlar 5-29 yoshdagi bolalar va ayollarning o'limiga asosiy sabab deb qayd etildi.
Yo'llarda halok bo'layotganlarning yarmidan ko'pi «yo'llarning ojiz foydalanuvchilari» – piyodalar va velosipedchilar.
Qarshi shahrida bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilayapti. Jumladan, yo'l belgilari zamonaviy va yuqori sifatlisiga, nur qaytaruvchi qoplamaga ega bo'lgan yo'l belgilariga almashtirilayapti.

Asosiy yo'llar ustiga chidamli chiziqlar tortilmoqda.
Elektron yo'l belgilari, eng avvalo, axborot-ko'rsatkich va ogohlantirish belgilari, yonib turuvchi «Piyodalar o'tish joyi», «Diqqat, piyoda» yo'l belgilari, zamonaviy svetoforlar o'rnatilishiga katta urg'u berilgan. SHahardagi 12 ta Led-monitorlarga yo'l harakati ishtirokchilarini ogohlantirishga qaratilgan qisqa roliklar joylashtirilmoqda.
Viloyat IIB YHXB matbuot xizmatidan ma'lum qilishlaricha, bunday zamonaviy yo'l belgilari, ogohlantiruvchi tablolarni kelgusida viloyatimizning boshqa shahar va tumanlarida ham o'rnatish ko'zda tutilmoqda.









