Tomonlarning tor doiradagi uchrashuvida kun tartibidagi asosiy masala ­– ta'lim sohasida hamkorlikni mustahkamlash, o'zaro tajriba almashinuvini kengaytirish va manfaatli aloqalarning boshqa dolzarb yo'nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig'i, polkovnik Rustam Xatamov O'zbekiston va Belarus` Respublikalarining hamkorligi ko'plab sohalarda jadal rivojalanib borayotganini e'tirof etdi.

Muloqot chog'ida o'zaro almashuv (paritet) asosida Belarus va O'zbekiston IIV Akademiyalari kursantlari uchun bir oylik o'quv-seminar mashg'ulotlarini tashkil etish, dolzarb mavzularda ikki tomonlama mahorat darslarini o'tkazish, O'zbekiston Respublikasi IIV akademiyasida kriminalistik laboratoriyalar tashkil etib, kriminalistik ekspertizalarni o'tkazish bo'yicha o'qitish metodikalarini yaratish, professor-o'qituvchilarimiz uchun Belarus` IIV akademiyasida o'n kunlik pedagogik mahorat oshirish kurslarini tashkil etish, kursantlarni kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va ushbu turdagi jinoyatlarni tergov qilish dasturlari bo'yicha o'qitish, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda masofaviy ilmiy konferentsiyalar, seminar-trening mashg'ulotlarini tizimli tashkil etish, Belarus Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining tajribali professor-o'qituvchilarini O'zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi o'quv jarayoniga uzoq muddatli jalb etish borasida fikr almashildi. Tomonlar hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi.     

Shundan so'ng delegatsiya a'zolari Ichki ishlar vazirligi akademiyasining faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O'quv jarayonini monitoring qilish markazining zamonaviy imkoniyatlari memhonlarda qiziqish uyg'otdi. Pavel Gridyushko kriminologiya fanidan ma'ruza mashg'ulotini tajriba tariqasida kuzatib, ta'lim sifatini innovatsion metodlar yordamida rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlarga yuqori baho berdi. SHuningdek, mehmonlar o'quv tezkor-tergov guruhlari uchun maxsus jihozlangan avtobuslarni ko'zdan kechirishdi. Sayyor sinfxona hamda kriminalistik ekspertizalarni o'tkazishga mo'ljallangan mazkur avtotransport vositalari zarur jihozlar va innovatsion texnologiyalar bilan ta'minlangan. Bu esa kursantlarning jinoiy hodisa sodir bo'lgan joyda amaliyot xodimlari bilan hamkorlikda kasbiy ko'nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ta'lim jarayoniga tatbiq etilgan bu yondashuv xorijlik mehmonlar uchun yangilik bo'ldi. 

Akademiya professor-o'qituvchilari va kursantlari uchun tashkil etilgan master-klass mashg'ulotida Belarus Respublikasi IIV akademiyasi boshlig'ining o'rinbosari Pavel Gridyushko hamda Jinoyatlarni tergov qilish kafedrasi boshlig'i, militsiya podpolkovnigi Tat`yana Щerba tergovchi faoliyatini tashkil etish, bank-to'lov kartochkalari yordamida talon-toroj qilish jinoyatini tergov qilish metodikalari bo'yicha o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi.