Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko'p tarmoqli maxsus shifoxona foydalanishga topshirilmoqda

    Salomatlik 4 Iyul 2020 8293

    Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko'p tarmoqli maxsus shifoxona foydalanishga topshirilish arafasida.

    Mazkur loyihaning umumiy qiymati 504 milliard soʻm boʻlib, 33 gektarda 2 000 oʻringa moʻljallangan bir qavatli 4 ta blokdan iborat shifoxona qurilmoqda.

    Har bir blokda 5 ta davolash korpusi, shu jumladan, 3 ta statsionar boks (boʻlim)lar, 1 ta jonlantirish boʻlimi va 1 ta jarrohlik boʻlimi mavjud boʻladi. 1-2-bloklar (1 000 oʻrinli) xodimlar yotoqxonasi, 3-blok qabul boʻlimi, 4-5-6-7-bloklar davolash korpusi, 8-blok reanimatsiya, 9-blok operatsion zal, 10-blok shifokorlar kuzatuv punktidan iborat.

    Ayni kunlarda qurilish ishlarining birinchi bosqichi, yaʼni 16,5 gektar maydonda 1 000 oʻringa moʻljallangan bir qavatli 18 ta blok qismi qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Shifoxona shu yilning 6-iyul kuni ilk bemorlarni qabul qilishni boshlaydi.

    Shu munosabat bilan jurnalist va blogerlar uchun mediatur tashkil etidi. Mediaturga sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchilik qildi.

    Muassasada qurilish-pardozlash ishlari qizgʻin ketmoqda.

    Maxsus shifoxona kompleksi yengil konstruksiyali, izolyatsiya qilingan sendvich panellarni qoʻllagan holda, energiya tejamkor texnologiyalar asosida qisqa muddatda qurilgan. Eng soʻnggi zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan taʼminlanadi.

    Alisher Shodmonovning taʼkidlashicha, bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan. Xususan, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga oʻtmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat koʻrsatish ham alohida.

    Kasallar kelgach, qabul boʻlimidan tambur orqali toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz palatasiga joylashtiriladi.

    Barcha korpuslar, boʻlinmalar toza va notoza yoʻlaklar bilan ajratilgan. Toza yoʻlakdan faqat tibbiy personal oʻz vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chogʻida sanitar oʻtkazgichlar orqali oʻtadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq boʻlganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini taʼminlash imkonini beradi.

    72 oʻrinli reanimatsiya boʻlimida har bir koyka sunʼiy oʻpka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu boʻlimni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yoʻnalishlar boʻyicha jihozlash ham mumkin.

    Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan soʻriladi. Natijada doimiy sterillik taʼminlanadi.

    Laboratoriyada virusologiya, biokimyo va immunologiya, mikrobiologiya, parazitologiya boʻyicha eng ilgʻor apparatlar oʻrnatilgan. Masalan, amaldagi polimer zanjirli reaksiya uskunasi 5 soatda oʻrtacha 40 kishiga tashxis qoʻysa, bu yerdagi zamonaviy jihozlar 2 soatda 90 ta namunani aniqlash imkoniyatiga ega. Koʻrpa-toʻshak va matolar yuvilib, boshqa buyumlar bugʻ yordamida dezinfeksiya qilinadi.

    Bundan tashqari, shifoxona murakkab epidemiologik vaziyat va favqulotda holatlarda zaruratga ko'ra, to'liq katantin muassasa sifatida moslashtirilib faoliyat olib borishi mumkin bo'ladi.

    Maxsus shifoxona magnit rezonans tomografi, raqamli rentgen apparati va zamonaviy UZI diagnostika apparati hamda gemodializ kabi apparatlari bilan jihozlangan.

    SHifoxonada quyidagi ishlar amalga oshirilishi ko'zda tutilmoqda:

    - epidemiologik vaziyatda shifoxona yuqumli kasalliklar xususiyatidan kelib chiqqan holda barcha sanitariya-epidemologik talablarga javob beruvchi maxsus muassasa hisoblanadi;

    - zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy ko'riklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi hamda davolashning ta'sirchan usullari muhokama qilinadi;

    - tibbiyot oliy va o'rta maxsus ta'lim muassasalari o'quvchilariga malaka oshirish uchun maxsus klinik baza platformasi sifatida xizmat qiladi;

    - malakali davolash bilan birga zamonaviy telemeditsina texnologiyalari asosida hududlarida ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlar tashkil etiladi;

    - xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalar amalga oshiriladi.

    Joriy yilning 29 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko'p tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi va kasalxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan suhbatda undan oqilona foydalanish, tibbiyot xodimlarini rag'batlantirish muhimligini ta'kidladi.