Olib borilgan katta hajmdagi modernizatsiya ishlari natijasida GES-14ning quvvati 2 marotaba oshirilib, har birining quvvati 7,5 MVt boʻlgan ikkita gidroagregat oʻrnatilishi natijasida umumiy quvvat 15 MVtga yetkazildi. Gidroagregatlar kompleksi toʻliq sinovlardan oʻtkazilib, ishga tushirildi.
Taʼkidlash joizki, ushbu GES-14 ning yuqori quvvatlarda ishga tushirilishi hudud iqtisodiyoti, sanoat korxonalari rivoji, xalqimiz farovonligi, mahalliy aholi maishiy turmushining yana-da yaxshilanishi yoʻlidagi muhim qadamlardandir.
Alohida qayd etish joizki, GES-14 modernizatsiyasi jarayoni joriy 2020-yilda yuqori surʼatlarda davom ettirilib, fidoyi gidroenergetik ishchi-xodimlar tomonidan olib borilgan izchil va samarali faoliyat, yuqori saʼy-harakatlar natijasida belgilangan muddatlarda yakuniga yetkazildi.
Yangi quvvatlarda faoliyat yuritishni boshlagan GES-14 Toshkent viloyatining 50-60 mingga yaqin aholi xonadonlarini elektr energiyasiga boʻlgan talabini samarali qondirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlash joizki, Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar hudud aholisining turmush farovonligini oshirishga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tom maʼnoda, hududlarning obodligiga zamin yaratadi.