Zarafshon shahriga nogironligi bor fuqarolar uchun yana 2 ta yangi avtobus olib kelindi

    Ular nogironligi bor yoʻlovchilar uchun maxsus panduslar, konditsionerlar, USB-portlar va boshqa qulayliklar bilan jihozlangan.

    Zarafshon shahrida jamoat transporti harakatini tashkil etish maqsadida shahardagi nogironligi bor fuqarolar uchun 2 ta yangi avtobus olib kelindi.

    Shahar hokimi Nazirbek Rahmonov ushbu avtobuslarni koʻzdan kechirar ekan, avtobusda ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolar uchun barcha qulayliklar mavjud ekanligini taʼkidladi. Xususan, yoʻlovchilar hamda nogironligi bor shaxslar uchun konditsioner, USB-port, kuzatuv kamerasi, maxsus panduslar mujassam, deb maʼlum qildi Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.

    Maʼlumot oʻrnida, Zarafshonda shu paytgacha aholining ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlami uchun 5 ta jamoat transporti qatnovi yoʻlga qoʻyilgan edi. Endi bunday transportlar soni 7 ta boʻldi.