Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar yanada qoʻllab-quvvatlanadi

    Qonun (OʻRQ-1059-son, 18.04.2025-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, 2024-yil 1-sentyabrdan 2027-yil 1-sentyabrgacha “Hunarmand” uyushmasining aʼzolari uchun belgilangan soliq imtiyozlarining zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadigan va «Oʻzbekzargarsanoati" uyushmasining aʼzolari boʻlgan YATTlarga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilandi.

    Shuningdek, mazkur YATTlarning ishlab chiqarishda foydalaniladigan koʻchmas mulk obyektlari hamda yer uchastkalari mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan ozod tiladi.

    “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida” gi qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, affinaj korxonalari qoʻshimcha ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtmay quyidagi huquqlarga ham ega boʻlishi koʻzda tutildi:

    • zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallarni qulay shakllar va hajmlarga keltirgan holda realizatsiya qilish;
    • qimmatbaho metallardan suvenir tangalarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish.

    Bundan tashqari, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar oʻzlari qimmatbaho metallardan yasagan zargarlik buyumlarining yarim tayyor mahsulotlarini boshqa zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilish huquqiga egaligi belgilandi.

    Bunda yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish qiymati zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining ertalabki fiksingi bahosidan va Markaziy bankning hisob-kitob amalga oshirilayotgan kundagi kursidan kam boʻlmagan miqdorda mustaqil ravishda belgilanishi koʻrsatib oʻtildi.