Shuningdek, xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni bojxona toʻlovlari toʻlanganini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotuvga qoʻyish hamda chakana savdoda realizatsiya qilish taqiqlanishi kutilmoqda.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqilgan zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasi davomida aytib oʻtildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasida ayrim qonun hujjatlariga zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga boʻlgan talabini qondirish, ularning rivoji uchun qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikda mavjud boʻlgan byurokratik toʻsiqlarni liberallashtirishga qaratilgan bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, affinaj korxonalariga (tarkibida qimmatbaho metall va toshlar boʻlgan xom ashyo bilan ishlash faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi korxonalar) qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shakl va miqdorlarga keltirgan holda sotish hamda qimmatbaho metallardan suvenir tangalar tayyorlash va realizatsiya qilish huquqini berish nazarda tutilyapti.
Shuningdek, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga ham oʻzlari yasagan zargarlik buyumlarining xomaki mahsulotlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilish huquqi berilmoqda. Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslardan qimmatbaho metallarni va zargarlik buyumlarini sotib olish faoliyati vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirishi belgilanmoqda.