Qonun loyihalarini, eng avvalo, xalq manfaatidan kelib chiqqan holda tahlil qilib, ularni tanqidiy koʻrib chiqish borasidagi ishlarni kuchaytirishga faoliyatimiz davomida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozirgi vaqtda quyi palatada bir qator qonun loyihalarini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda ana shu nuqtayi nazardan chuqur yondashilyapti.
Qoʻmitamiz ishchi guruhi hamda tegishli idoralar vakillari bilan birgalikda “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini takomillashtirishda bir qator muhim normalar qizgʻin muhokamadan oʻtkazilmoqda.
Taʼkidlash joiz, qonun loyihasini huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy gʻoyasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga soladi. Zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamgʻalash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini, shu jumladan, davlat-xususiy sherikchik mexanizmini qoʻllagan holda takomillashtiradi.
Shuningdek, ushbu soha faoliyatini xufiyona iqtisodiyotdan chiqarishga hamda tarmoqka investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish va raqobat muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda qonun loyihasi 7 bob, 64 moddadan iborat boʻlib shakllantirilmoqda. Deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar, fikr-mulohazalar asosida pishiq-puxta holatga keltirilmoqda. Ayrim havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritilmoqda.
Xususan, qonun loyihasi boblar, boʻlimlar va moddalar mavzui mantiqan rivojlanib borishini taʼminlaydigan tarzda ketma-ket joylashtirildi. Metallarni egasizlantirilgan hisobvaraqlari tushunchasiga aniqliklar kiritildi va toʻgʻri talqinga olib kelindi. Qimmatbaho metallar uchun hisobga olish narxlarini belgilash normasiga aniqlik kiritildi hamda moddalardan affinaj korxonalarida doimiy davlat nazoratini amalga oshirishda vakolatli davlat organi vakilini doimiy boʻlishi normasi chiqarib tashlandi.
Shuningdek, deputatlarning taklif va eʼtirozlari inobatga olingan holda qonun loyihasi matnida umuman foydalanilmagan qimmatbaho metallar quymalarini tamgʻalash, qimmatbaho metallar ekspertizasi tushunchalari asosiy tushunchalar qismidan chiqarib tashlandi.
Qonun loyihasi 19-moddasining “Qimmatbaho metallar affinaji” nomi “Affinaj korxonalari” degan yangi nom bilan oʻzgartirildi. Bunga sabab “qimmatbaho metallar affinaji” tushunchasini asosiy tushunchalar qismida mavjudligidir, bu bilan esa tushunchani turli xil talqin qilinishini oldi olindi.
Loyihani deputatlar bilan muhokama jarayonida, past asillik darajasiga ega boʻlgan buyumlarni realizatsiya qilish taqdiri nima boʻlishi bilan bogʻliq savollarga va boshqa taklif hamda eʼtirozlar inobatga olinib, loyihaning 32-moddasiga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalar kiritildi.
Prezidentimizning joriy yil 22-fevraldagi “Zargarlik sanoatini yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, affinaj faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga oʻzlari ishlab chiqargan oʻlchovli yombilarni jismoniy va yuridik shaxslarga sotishga ruxsat beriladi. Bunda, yombilarni sotish narxi hisob-kitob amalga oshirilgan sanadagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning kursidan kam boʻlmagan miqdorda ishlab chiqaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadigan vazifalar qonun loyihasini takomillashtirish bosqichida oʻz aksini topdi.
Shuningdek, mazkur qarorda nazarda tutilgan zargarlik buyumlariga asillik darajasi tamgʻasi va ishlab chiqaruvchining shaxsiy tamgʻasi mexanik (zarb) yoki lazer usullari yordamida tushirishga ruxsat etiladigan, bunda zargarlik buyumlariga lazer usullari yordamida tushirilgan shaxsiy tamgʻani ishlab chiqaruvchining zimmasiga yuklanadigan holatlar ham qonun loyihasi bilan muvofiqlashtirildi.
Qonun loyihasining muhokamasi davom etmoqda. Qayd etish joiz, ushbu hujjat qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi davlat organlari va boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik holatlarini tartibga soladi.
Vahobjon MURODQOBILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi raisi