Zaxarova: Rossiya O'zbekiston notasidagi ma'lumotlarni ko'rib chiqmoqda

    Olingan ma'lumotlar belgilangan tartibda Toshkentga yuboriladi, dedi Rossiya TIV rasmiy vakili.

    Rossiya tomoni O'zbekiston notasidagi ma'lumotlarni diqqat bilan ko'rib chiqmoqda va o'zbekistonlik hamkorlarning tegishli so'rovi vakolatli organlarga yetkaziladi. Olingan obyektiv ma'lumotlar belgilangan tartibda Toshkentga yuboriladi, dedi TASSga Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

    Avvalroq O'zbekiston diplomatik xizmati matbuot kotibi Ahror Burxonov mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada o'zbek fuqarolariga nisbatan tintuvlar o'tkazilayotgani va go'yoki noto'g'ri munosabatda bo'layotganidan xavotirda ekani, shu munosabat bilan O'zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tushuntirish berishni so'rab nota yuborganini ma'lum qilgandi, deb xabar beradi tass.ru.

    “O'zbekiston elchixonasidan nota olingani munosabati bilan biz undagi ma'lumotlarni sinchiklab o'rganmoqdamiz. Shuni ta'kidlashni istardimki, bizda huquq-tartibot va boshqa xizmatlar orqali to'g'ridan-to'g'ri aloqa kanallari mavjud. Ittifoqchilar o'rtasidagi an'anaga ko'ra, suhbat samimiy bo'lib, har qanday signal sinchkovlik bilan ko'rib chiqiladi. O'zbekiston tomonining yuqorida qayd etilgan so'rovi bo'yicha olingan ma'lumotlar vakolatli organlarga belgilangan tartibda yetkaziladi”, dedi diplomat.

    “Avvalo, O'zbekiston bilan mustahkam ittifoqchilik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari mavjudligini va ikki tomonlama munosabatlarimizning barcha mavzulariga shu nuqtai nazardan yondashayotganimizni ta'kidlamoqchimiz”, dedi diplomat.