Zaynab Dayibekova Prezidentga bergan vaʼdasining ustidan chiqdi, u Olimpiadaga boradi

    Sport 26 Aprel 2021 2789

    Poytaxtimizdagi Gimnastikaga ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabida qilichbozlik boʻyicha Osiyo-Okeaniya litsenzion musobaqasi davom etmoqda.

    Musobaqaning ikkinchi kungi bahslari hamyurtlarimiz uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Bugun sablya yoʻnalishida ishtirok etgan hamyurtimiz Zaynab Dayibekova barcha raqibalarini magʻlub etgan holda Tokio-2020 Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

    U saralash bosqichida Tailand va Gongkong vakilalaridan ustun keldi. Olimpiada oʻyinlari yoʻllanmasi uchun kechgan hal qiluvchi bahsda Zaynab qozogʻistonlik Aygerim Saribay bilan kuch sinashdi va 15:6 hisobida ishonchli gʻalabaga erishdi.

    Shu tariqa, qilichbozlarimiz Tokio-2020 Olimpiadasiga uchinchi yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Bungacha terma jamoamiz aʼzolaridan Malika Hakimova hamda Sherzod Mamutov Olimpiada yoʻllanmasiga sazovor boʻlishgan edi.

    Darvoqe, Z.Dayibekova sablyachi qizlarimiz orasida Olimpiada ishtirokchisiga aylangan ilk qilichbozimiz sifatida tarixga kiradigan boʻldi.

    Yodingizda boʻlsa, 2017-yili davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlganida, Zaynab bilan ham uchrashgandi. Oʻshanda isteʼdodli qizimiz Prezidentga Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma olishini vaʼda qilgandi. Koʻrib turibmizki, Zaynab vaʼdasining ustidan chiqdi. Buyogʻiga undan Tokio-2020da ham yorqin gʻalabalar kutib qolamiz.