Mazkur natija mamlakatimiz uchun tarixiy ko‘rsatkich bo‘lib, Oʻzbekiston jahondagi eng tez rivojlanayotgan startup ekotizimlaridan biri sifatida eʼtirof etildi.
Hisobotga ko‘ra, mamlakat bir yil ichida +227,3 foiz o‘sish surʼatini qayd etgan bo‘lib, bu 2026 yil reytingidagi eng yuqori natija sifatida baholangan. Shuningdek, Oʻzbekiston “Country of the Year 2026” — startup ekotizimi eng jadal rivojlangan davlat sifatida ham eʼtirof etildi.
So‘nggi yillarda Oʻzbekistonning global reytingdagi pozitsiyasi bosqichma-bosqich mustahkamlanib bormoqda:
Natijada mamlakat 2023 yildan buyon jami 32 pog‘ona yuqoriladi.
Davlat rahbari tomonidan raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va startup ekotizimini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor bugun o‘zining amaliy samarasini bermoqda.
Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil aprel oyida IT Park majmuasiga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, yoshlar uchun imkoniyatlar va innovatsion loyihalar bilan tanishgan edi.
Shuningdek, davlat rahbari poytaxtdagi IT Park’ga tashrifi chog‘ida sunʼiy intellekt texnologiyalarini vazirlik va idoralar faoliyatiga, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga keng joriy etishga qaratilgan ilg‘or loyihalar taqdimoti bilan tanishib, sohani jadal rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab bergan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan “National AI Hackathon” tadbirida ishtirok etdi. Ushbu xakaton mamlakatimizda sunʼiy intellekt ekotizimini shakllantirish va texnologik startuplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Hisobotda Markaziy Osiyo dunyodagi eng tez o‘suvchi startup subhududi sifatida qayd etilgan bo‘lib, ushbu o‘sishning asosiy drayverlaridan biri sifatida Toshkent shahri alohida tilga olingan.
Xususan, Toshkent startup ekotizimi +155,7 foiz o‘sish ko‘rsatkichi bilan mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan shaharlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Jahon miqyosida esa Toshkent 121 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoning top-300 shaharlari qatoriga kirdi. Samarqand va Farg‘ona shaharlari esa ilk bor top-1000 talik reytingdan joy oldi.
Bugungi kunda mamlakatimizda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, IT Park faoliyatini kengaytirish, startuplarni moliyaviy va infratuzilmaviy jihatdan rag‘batlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish hamda yoshlar uchun texnologik imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda.