Uchrashuv avvalida vazir davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, mamlakat Bosh vaziri, Vitse-prezidenti va Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum hamda Vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayonning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni, avvalo, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini taʼminlash borasidagi ishlarni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston – BAA doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib, ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik mustahkamlanayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat xizmati mexanizmlarini takomillashtirishning 10 ta asosiy yoʻnalishi boʻyicha hamkorlikni nazarda tutuvchi qoʻshma “yoʻl xaritasi” izchil amalga oshirilmoqda. BAAning byurokratiyani qisqartirish sohasidagi ilgʻor tajribasi joriy etilmoqda. Tegishli dastur doirasida loyiha ofisi ishga tushirildi.
Hozirga qadar qamrovi bir milliondan oshgan “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” taʼlim dasturini amalga oshirish natijalari ham eʼtirof etildi.
Bugun “Davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash” loyihasi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi. Mazkur tashabbus qamrovini, jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarini jalb qilish hisobiga yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Umummilliy kitobxonlik harakatini birgalikda yoʻlga qoʻyish rejalari koʻrib chiqildi.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va kamol toptirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, qoʻshma taraqqiyot forumlarini oʻtkazish hamda Oʻzbekiston rivojiga xizmat qiluvchi strategik va konseptual hujjatlarni tayyorlashni ilgari surish boʻyicha kelishuvga erishildi.