Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻtgan yilda tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi, joriy yilning oʻtgan davrida esa oʻsish qariyb 40 foizni tashkil etdi.
Qurilish, energetika, geologiya, logistika, moliya, yoqilgʻi, toʻqimachilik, turizm va boshqa tarmoqlarda, shu jumladan, qoʻshma Investitsiya kompaniyasi ishtirokida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.
Shu maʼnoda, bugun boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlarining yakunlari yuksak baholandi. Shuningdek, ikki mamlakat hududlari forumi natijador oʻtishini taʼminlash zarurligi qayd etildi.