Davlatimiz rahbarining maktubida ushbu tarixiy yutuq nafaqat Qirg‘iz Respublikasi, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Bu voqea Qirg‘izistonning xalqaro maydonda tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori va nufuzining amaliy tasdig‘i sifatida baholandi.

Shuningdek, Prezident Sadir Japarov tomonidan olib borilayotgan yaxshi qo‘shnichilik, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tizimli va oqilona siyosat jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgani ta’kidlangan.

O‘zbekiston ko‘p asrlardan buyon tarixi, tili, dini, madaniyati va urf-odatlari mushtarak bo‘lgan, so‘nggi yillarda strategik sheriklik munosabatlari tobora chuqurlashib borayotgan qardosh Qirg‘iziston nomzodini ushbu muhim jarayonda faol qo‘llab-quvvatlagani qayd etildi. Davlatimiz rahbari bunday yondashuv bundan buyon ham izchil davom ettirilishini bildirdi.

Qirg‘iz Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashidagi faoliyati Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy manfaatlarini ilgari surish, xalqaro maydonda tinchlik-totuvlik, barqarorlik va xavfsizlikni har tomonlama ta’minlash, mintaqaning jahon maydonidagi mavqeyini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.