Uchrashuv avvalida Narendra Modi davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, xalqimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
Oʻzbekiston – Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va koʻp qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Faol va samarali muloqotlar turli darajalarda davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi. Soʻnggi yillarda qoʻshma korxonalar soni yetti barobarga koʻpaydi. Ikki mamlakat oʻrtasida haftasiga 14 ta toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlar amalga oshirilmoqda.
Taʼlim sohasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Oʻzbekistonda Hindistonning toʻrtta universiteti faoliyat yuritmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim oʻrin tutmoqda.
Oʻzbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Mazkur tashrif tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishda muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Bu Oʻzbekiston – Hindiston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berishi va barcha ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratishi qayd etildi.
Tomonlar siyosiy muloqot va almashinuvlarni barcha darajalarda, shu jumladan, parlamentlardagi doʻstlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasida faollashtirishga kelishib oldilar.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirishni taʼminlash maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida muvofiqlashtiruvchi mexanizmni taʼsis etish koʻzda tutildi.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar oʻzaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etib, 2030-yilga qadar tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha zarur choralarni koʻrishga kelishib oldilar.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va zargarlik sanoatida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuqori baholandi.
Hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi. Andijon viloyati va Gujarat shtati, Fargʻona viloyati va Haryana shtati, Samarqand viloyati va Agra oʻrtasida yaqin sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Madaniyat kunlari, konsertlar, koʻrgazmalar, forumlar va kinofestivallarni muntazam oʻtkazib borish boʻyicha kelishuvga erishildi. Tashrif doirasida Madaniy almashinuv boʻyicha besh yillik dasturni imzolash koʻzda tutilgan.
Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yetakchilar xalqaro tuzilmalar doirasidagi samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tomonlar BMT, ShHT, BRICS va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash amaliyotini izchil davom ettirish muhimligini taʼkidladilar.
Uchrashuv yakunida vazirlik va idoralar rahbarlariga qoʻshma loyiha va dasturlarning faol ilgari surilishini taʼminlash topshirildi.
Har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha aniq mexanizmlar, masʼul ijrochilar va amalga oshirish muddatlarini oʻz ichiga olgan tegishli “yoʻl xaritalari” ishlab chiqiladi.